1

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining muborak Qurbon hayiti munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum muhtaram ustozlar!

Aziz talaba-yoshlar!

Barchangizni butun islom ummati uchun ulugʻ va fayzli ayyom – muborak Qurbon hayiti bilan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasi va shaxsan oʻz nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, mehr-oqibat va saxovat muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xalqimizga xos bagʻrikenglik, ehson va himmat kabi ezgu fazilatlar Qurbon hayiti kunlarida yanada yorqin namoyon boʻlmoqda.

Bugun Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini keng targʻib etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida vijdon erkinligini taʼminlash, diniy taʼlimni takomillashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy merosimizni chuqur oʻrganish va jahon jamoatchiligiga xolis tarzda yetkazish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand shahrida buyuk muhaddis, islom olamining iftixori Imom Buxoriy hazratlari majmuasining yangi qiyofada barpo etilishi, Margʻilonda “Burhoniddiy Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turistik majmuasining bunyod etilishi ajdodlarimiz ilmiy merosiga boʻlgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasidir. Bu muborak maskanlar bugun mamlakatimizning boy ilmiy-maʼrifiy salohiyati, islom madaniyati va ilm-faniga qoʻshgan beqiyos hissasining yorqin ramzi sifatida jahon ahli eʼtiborini tortmoqda. Islom dinining tinchliksevar, bagʻrikeng va maʼrifatparvar mohiyatini keng yoritishga xizmat qilmoqda.

Eʼtiborlisi, bu yil el-yurt koriga yarayotgan, fidoyi va jonkuyar vatandoshlarimizdan iborat 100 nafar “Prezident hojisi” davlatimiz rahbari tashabbusi bilan alohida ehtirom bilan muqaddas safarga yuborildi. Bu ham mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ustuvor siyosat olib borilayotganidan darak beradi. 

Ayniqsa, joriy yilning 21-may kuni davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqoti barchamizni nihoyatda gʻururlantirdi. 

Davlatimiz rahbari muftiy hazratlari orqali muqaddas Makka shahrida boʻlib turgan barcha hojilarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yoʻlida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul boʻlishini tiladi. Bu ham diniy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan eʼtibordan darak beradi.

Shu oʻrinda muhtaram Prezidentimizning Qurbon hayiti bilan xalqimizga yoʻllagan tabriklaridagi quyidagi jumlalarga eʼtibor qaratishingizni soʻrardim. 

“Ayniqsa, bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga uygʻun va hamohang boʻlib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir”.

Darhaqiqat, Hayit bayrami islom ummati uchun qadrli va suyuklidir. Keyingi yillarda bayramni oʻzgacha shukuh va yuqori kayfiyatda kutib olyapmiz.

Joriy yil ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. 

Mazkur qarorda xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bagʻrikenglik kabi ezgu fazilatlarni mujassam etgan holda, muborak Qurbon hayitini munosib nishonlash, ushbu qutlugʻ ayyomda aholini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, Vatan himoyasi yoʻlida qurbon boʻlgan fidoyilarimizning farzandlariga yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilishi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, yurtimizda masjidlar va ziyoratgohlarni obod qilish, ehson dasturxonlari yozish, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlar yurtimizdagi hamjihatlik va bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasi ham ushbu ulugʻ maqsadlar yoʻlida islom ilmlari, diniy bagʻrikenglik, ekstremizm va radikalizmga qarshi maʼrifat bilan kurashish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targʻib etish borasida faol mehnat qilib kelmoqda.

Qadrli doʻstlar!

Qurbon hayiti barchamiz uchun ezgulik, mehr-oqibat, bagʻrikenglik va hamjihatlik bayrami hisoblanadi. 

Ushbu ulugʻ ayyom xonadonlaringizga fayzu baraka, tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik va qut-baraka olib kelsin. Yaratgan Parvardigor barcha ezgu amallarimizni, xayr-saxovatlarimizni dargohida qabul aylasin.

Qurbon hayiti muborak boʻlsin!

Muzaffar Kamilov,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

Izoh qoldirish