Turizm rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari xalqaro miqyosda muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Jahon va milliy turizm rivojlanishining dolzarb masalalari va zamonaviy tendensiyalari” mavzusidagi 1-an’anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli ilmiy anjuman O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya turizm sohasida yuz berayotgan global o‘zgarishlar, zamonaviy rivojlanish tendensiyalari hamda O‘zbekistonda turizmni barqaror va innovatsion asosda rivojlantirish istiqbollarini ilmiy jihatdan tahlil qilishga bag‘ishlandi.
Tadbir doirasida jahon turizm bozoridagi yangi imkoniyatlar, raqamli transformatsiya jarayonlari, ekologik yondashuvlar hamda hududiy turizm salohiyatidan samarali foydalanish masalalari keng muhokama qilindi.
Anjumanda O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari bilan bir qatorda Hindiston, Misr kabi xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar va turizm sohasi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Xalqaro ilmiy muloqot muhiti konferensiyaning amaliy va ilmiy ahamiyatini yanada oshirdi hamda turizm sohasida tajriba almashish uchun muhim platforma vazifasini bajardi.
Konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ilhom Bekmirzayev ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi globallashuv sharoitida turizmning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy ahamiyati tobora ortib borayotganini, ayniqsa, O‘zbekistonda milliy turizmni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladi.
Yalpi majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nurislom Tuxliyev “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida turizmni rivojlantirish imkoniyatlari haqida ma’ruza qilib, turizmni iqtisodiyotning strategik drayverlaridan biri sifatida rivojlantirishning ilmiy va institutsional jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, hindistonlik olima Summera Khalid tomonidan zamonaviy sayohatchilar orasida shakllanayotgan “digital silence tourism” – raqamli sukunat turizmi fenomeni va uning psixologik hamda ijtimoiy ahamiyati haqida ma’ruza taqdim etildi. Ushbu yo‘nalish bugungi kunda raqamli texnologiyalar ta’sirida yuzaga kelayotgan yangi turistik ehtiyojlarning ilmiy tahlili sifatida katta qiziqish uyg‘otdi.
Misrlik mutaxassis Ossama Mostafa Elsetohy xalqaro tajriba asosida milliy va mahalliy turizmni rivojlantirish mexanizmlarini yoritib berdi. Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bo'lim boshlig'i, mustaqil tadqiqotchi Mammetova Barno Iriskulovna esa yashil turizm va “Z” avlodining turistik faoliyatga munosabati bo‘yicha zamonaviy ilmiy qarashlarni taqdim etdi.
Konferensiyada gastronomik turizm, ta’lim turizmi, hududiy turizm infratuzilmasi, barqaror iqtisodiy o‘sish va turizm xizmatlari samaradorligini baholashning innovatsion yondashuvlari kabi dolzarb mavzular ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari tomonidan turizm xizmatlari samaradorligini baholashning zamonaviy mexanizmlari, hududiy raqobatbardoshlikni oshirish hamda ta’lim turizmini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ilgari surildi.
Tadbir davomida turizm sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ekologik va madaniy barqarorlikni ta’minlash, xalqaro tajribalarni milliy amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Konferensiya doirasidagi muhokamalar turizmni rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarining dolzarbligini yana bir bor namoyon etdi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar sessiyasi va umumiy fotosessiya tashkil etildi. Konferensiya davomida bildirilgan ilmiy taklif va tavsiyalar kelgusida turizm sohasini rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonda zamonaviy va barqaror turizm modelini shakllantirish uchun muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish