Akademik bilan uchrashuv
Insonning kamolotiga sabab bo‘ladigan va keyingi hayot yo‘liga poydevor qo‘yadigan insonlar bu ustoz va murabbiylardir. Yurtimizda ustoz va murabbiylarni e’zozlash, ularga hurmat ko‘rsatish avloddan avlodga o‘tuvchi qadriyatdir. Bu borada mamlakatimizda boy hayotiy tajribaga ega, chuqur bilim va zakovat sohiblarining ilmiy merosini yosh avlodga ulashish, “ustoz-shogirdlik” an’anasini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar kuni” doirasida “Rahbariyat va yoshlar uchrashuvi” hamda “Akademik minbari” loyihasi o‘tkazildi.
Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, iqtisod fanlar doktori, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi a’zosi, akademik Nurislom Tuxliyev, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Ustoz Nurislom Tuxliyev tadbir davomida “Ilmiy tadqiqotlar: dolzarblik va izchillik tadriji” mavzusida ma’ruza qildi.
Davra suhbati avvalida Akademiya prorektori Habibullo Sadibaqosev so‘z olib, olimning yarim asrdan ko‘proq faoliyatini ona Vatan taraqqiyotiga safarbar etgani, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan yuzlab shogirdlar tayyorlagani ta’kidladi. Ustozning ilm-fan rivoji yo‘lidagi ezgu ishlari alohida e’tirof etildi.
Boy ilmiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan, tajribali ustoz bugungi kunda “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasida talabalarga saboq berib kelmoqda. Olimning yosh iqtisodchilarni tayyorlash hamda oʻquv jarayonlari va ilmiy muhit rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani tahsinga sazovor.
Nurislom Tuxliyev oʻz ilmiy faoliyatini iqtisodiyotni intensivlashtirish va agrosanoat integratsiyasining iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish muammolarini oʻrganishdan boshlagan. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi, Oʻzbekiston va postsovet mamlakatlari iqtisodiyotini bozor munosabatlariga oʻtkazishga bagʻishlangan dastlabki maqolalar, monografiyalar va oʻquv qoʻllanmalari muallifidir. Uning “Osiyo va Bozor” (1992), “Bozorga oʻtishning mashaqqatli yoʻli” (1999), “Taraqqiyotning oʻzbek modeli” (2014), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” (2019), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti anatomiyasi” (2021) “Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya: rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlari” (2020) asarlari koʻpchilikka maʼlum va yuqori baholangan.
Jonkuyar inson Oʻzbekistonni innovatsion asosda iqtisodiy rivojlantirish muammolari boʻyicha noyob ilmiy maktab asoschisi. Uning tashabbusi bilan 90-yillarning oʻrtalarida oliy oʻquv yurtlarida “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” yangi oʻquv kursi ishlab chiqildi va joriy etildi, darslik va kurs dasturi yaratildi. U 3 nafar iqtisodiyot fanlari doktori va 22 nafar fan nomzodlarini tayyorlagan. 300 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 45 ta kitob, monografiya, oʻquv-uslubiy qoʻllanma va darsliklar muallifi. “Islom banklari standartlari” (2023) kabi darslik va monografiyalarga ilmiy muharrirlik qilgan.
Ustoz koʻp jildli “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ning bosh muharriri. Hozirda yigirma jilddan iborat boʻlishi kutilayotgan “Islom ensiklopediyasi”ning bosh muharriri. Shu bilan birga, u koʻp tilli universal internet ensiklopediya – Vikipediya uchun maqolalar tayyorlash guruhining rahbari. Uning “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Moя страна” asarlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan.
Uchrashuv davomida fidoyi ustoz o‘zlarining yoshlik davrlari, pedagoglik faoliyatlari haqida talabalarga hikoya qilib berdilar. Yoshlik – unutilmas va bilim olish uchun muhim davr ekani, bugungi kun yoshlarida buning uchun barcha sharoitlar borligi, talabalar o‘qib, o‘z ustida ishlab, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib yetishishlari kerakligini ta’kidladilar.
Yakunda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish