1

Akademiya professor-o‘qituvchilari Buxarest universitetida stajirovka o‘tamoqda

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Odiljon Ernazarov, kafedra dotsentlari Dilafruz Turdiyeva va Mohira Abdullayeva hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti Nilufar To‘ychiyeva Erasmus+ KA171 Staff Mobility dasturi doirasida Buxarest universitetida (University of Bucharest) xalqaro stajirovka amaliyotida ishtirok etishmoqda.

Stajirovka davomida universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha mas’uli, Erasmus koordinatori Anca Stoika bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Erasmus+ dasturlari doirasidagi hamkorlik istiqbollari, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilar Buxarest universiteti Falsafa fakulteti dekani, professor Viorel Vizureanu qabulida bo‘ldilar. Uchrashuv jarayonida fakultetning ilmiy va ta’lim yo‘nalishlari, akademik faoliyati hamda xalqaro hamkorlik tajribasi bilan yaqindan tanishildi. Fakultet professor-o‘qituvchilari bilan samarali muloqotlar tashkil etildi.

Stajirovka doirasida Buxarest universiteti Falsafa fakulteti tarkibidagi “Madaniyatlararo aloqalar, samarali boshqaruv va barqaror rivojlanish bo‘yicha UNESCO” (UNESCO Chair on Interculturality, Good Governance and Sustainable Development) kafedrasi faoliyati bilan ham tanishildi. Xususan, kafedra koordinatori Lilian Kiaxir hamrohligida fakultet va kafedraning ilmiy va pedagogik faoliyati o‘rganildi. Mazkur kafedra faoliyati doirasida madaniyatlararo muloqot, barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv masalalariga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilayotgani qayd etildi.

Ma’lumot uchun, Erasmus+ KA171 Staff Mobility dasturi Yevropa Ittifoqining oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, u professor-o‘qituvchilar va xodimlarning xorijiy universitetlarda malaka oshirishi, tajriba almashishi hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Buxarest universiteti esa Yevropaning tarixiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallab kelmoqda (2026-yil holatiga ko‘ra, QS reytingida 761-o‘rinni egallagan) va ilmiy salohiyati, ta’lim sifati hamda xalqaro hamkorlik darajasi (masalan, ayni paytda, universitetda Erasmus+ doirasida 21 ta turli darajadagi dasturlar amalgaa oshirilmoqda) bilan ajralib turadi. 

Mazkur stajirovka dasturi doirasida Akademiya professor-o‘qituvchilarining orttirgan tajribalari kelgusida o‘zaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni tashkil etish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Izoh qoldirish