1

Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!

Kuni kecha barchamiz muqaddas dinimizning eng go‘zal bayrami – Muborak Ramazon hayiti hamda butun olamni nurga, go‘zallikka to‘ldirgan sharqona yangi yil – Navro‘zi olamni yuqori kayfiyat, o‘zgacha shukuh ila nishonladik. Bugun bahorni sog‘ingan yuraklarimiz yangi kun, yangi hayot shukuhi bilan yashamoqda.

Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, ona tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘z eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.

Yurtimizda inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos yuksak ma’naviy tayanch sanaladi.

Ayniqsa, bugun dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Navro‘z bayramining ham qadim shukuhi yanada rivoj topdi. Bu borada joriy yilning 6-mart kuni davlatimiz rahbarining “2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bayram tantanalari mamlakatimizda “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlandi.

Ayyom munosabati bilan yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillari, qalbi orzu maqsadlarga limmo-lim yoshlar, har so‘zida hikmat, yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniylar bayram tantanalarida ishtirok etdi.

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida bayram sayli o‘tkazildi. 

Shodiyonada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirda Akademiya rektori Muzaffar Kamilov ayyom bilan barchani muborakbod etdi. Akademiya rektori o‘z tabrigida barchani yana bir bor uyg‘onish va yangilanish ayyomi Navro‘z bilan tabriklab, bayram muborak Ramazon oyi bilan qo‘shaloq tarzda nishonlangani, Navro‘z qut-baraka elchisi ekani, o‘zining barhayotligi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

Marosim davomida yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarni aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, she’riy-musiqiy chiqishlar namoyish qilindi. 

Akademiya talabalari tomonidan “Yorim do‘qi-do‘qi”, “Kelin salom”, “Go‘zal Toshkent”, “Yallala bobo”, “Xush kelding Navro‘z” kabi qo‘shiqlar ijro etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda xalq o‘yinlari (kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish) o‘yinlari tashkil etildi. 

Hamkor oliy ta’lim muassasalari – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalari o‘rtasida sportning voleybol, mini futbol, shaxmat-shashka, stol tennis turlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.

Bahoriy taomlar, kitoblar savdo yarmarkasi, kafedralar o‘rtasida “Osh chempionati”, turli millat va xalq hunarmandchiligi mahsulotlari, milliy atlas va adras liboslari ko‘rgazmasi  tadbirga yanada fayz ulashdi.

Tadbirda samarali ish faoliyati, o‘zining ilmiy, o‘quv-uslubiy yo‘nalishda erishgan yutuqlari hamda bayrami munosabati bilan Akademiyaning bir guruh o‘qituvchi-xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.

Akademiya talabalari tomonidan Navro‘z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o‘ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko‘rinishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish