1

Zahiriddin Muhammad Bobur – davlat arbobi va buyuk so‘z san’atkori

O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, ulug‘ shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur millatimizning eng yorqin vakillaridan biridir. 

Ayni paytda yurtimizda o‘rta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyondasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi keng nishonlanmoqda.

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Zahiriddin Muhammad Bobur – davlat arbobi va buyuk so‘z san’atkori” mavzusidagi bayram tadbiri bilan davom etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

“Boburxonlik kechasi”ni Akademiya rektori tabrik nutqi bilan ochib berdi. Tabrik nutqida ta’kidlanganidek, Bobur Mirzoning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanadi.

Darhaqiqat, Bobur Mirzo ijodining sarchashmasi hisoblangan memuar asar “Boburnoma”, nafaqat milliy adabiyotimizning noyob durdonalaridan, shuningdek jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Mazkur asarning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, o‘sha davrda adabiyotimizda nasr janrida yaratilgan yirik asarlardan biri sifatida ham muhim o‘rin tutadi.Ushbu qomusiy kitob 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Bobur va boburiylar sulolasiga oid bebaho manbaalar jahonning 70 dan ortiq muzeylarida saqlanyapti.

Tadbirda so‘z olganlar Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, odob-axloq, yaxshilik, vafo, xalqini sevishi unga yaxshilik qiladigan qilib tarbiyalash, insonparvarlik, Vatandan judolik g‘am-alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari hozirgi davr yoshlari tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidlashdi. 

“Boburxonlik kechasi”da o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, boy ma’naviy merosi, ilmiy asarlari yodga olindi. Ushbu bebaho asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ilmiy salohiyati, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni atroflicha tahlil qilindi.

Shu o‘rinda ingliz olimi Uilyam Erskinning Bobur Mirzo haqida quyidagi fikrini yodga olsak:

“Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.

Chindan ham Bobur Mirzo yirik davlat va madaniyat arbobi, mohir sarkarda. Asrlar osha dunyoni hayratga solib kelayotgan alloma ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Rasmiy nutqlardan so‘ng tadbirning badiiy qismi boshlandi. Unda Talabalar teatr studiyasi tomonidan “Bobur sog‘inchi”, “Bobur vasiyati”, “Zahiriddin Muhammad Bobur va malika Bayda” suhbati aks etgan sahna ko‘rinishlari, Bobur Mirzo g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan turli tillarda g‘azal va ruboiylar o‘qildi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish