Talabalar almashinuvi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Kırıkkale universiteti o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi asosida Islomshunoslik va Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti talabalari Akademik mobillikni amalga oshirish doirasida Turkiyaning Qirqqal’a universitetiga yuborildi.
Akademiyamiz va Kırıkkale Universiteti o‘rtasida imzolangan memorandum asosida akademik mobillik dasturi doirasida ushbu universitetda ta’lim olyapman.
Avvalo, universitetda yaratilgan shart-sharoitlar menda juda iliq taassurot qoldirdi. Kampus hududi keng, zamonaviy va talabalar uchun barcha qulayliklar bilan ta’minlangan. Ayniqsa, kutubxonaning boy fondi, elektron resurslar bazasi hamda dars jarayonlarida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanilishi tahsinga sazovor.
O‘qish tizimi kredit-modul asosida tashkil etilgan bo‘lib, talabalarning mustaqil izlanishiga katta e’tibor qaratiladi. Darslar interaktiv usulda olib boriladi, talabalar fikr bildirishga, munozara qilishga va tahlil qilishga rag‘batlantiriladi. Professor-o‘qituvchilarning talabalarga nisbatan ochiq muloqotda bo‘lishi va ilmiy yondashuvi menga juda manzur bo‘ldi.
Xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlar alohida e’tirofga loyiq. Universitetda xalqaro aloqalar bo‘limi faol ishlaydi, talabalar hujjat ishlari, dars tanlash va moslashuv jarayonida amaliy yordam oladilar. Turli millat vakillari bilan muloqot qilish esa madaniy almashinuv va tajriba orttirish imkonini beradi.
Shuningdek, maxsus talabalar turar joyi — residorm (yotoqxona) zamonaviy jihozlangan, xavfsizlik tizimi va tozalik yuqori darajada ta’minlangan. Talabalar uchun o‘qish va dam olish muhiti uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, bu ta’lim samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Men uchun ayniqsa qiziqarli bo‘lgan jihat — dars jarayonida nazariya va amaliyotning uyg‘unligi, talabalarning mustaqil fikrlashiga katta ahamiyat berilishi hamda har bir fan bo‘yicha aniq baholash mezonlarining mavjudligidir.
Xulosa qilib aytganda, Kırıkkale Universitetida ta’lim olish men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi va kelgusidagi ilmiy faoliyatim uchun muhim poydevor vazifasini o‘tamoqda.
Nasrulloh Rahmonov
Dinshunoslik ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi


Shuningdek, Akademiyaning Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari Slovakiya Respublikasi Milliy Stipdendiyasi grantini qo‘lga kiritib, xorijiy amaliyot uchun jo‘nab ketishdi.
Slovakiyada tahsil olish men uchun nafaqat akademik, balki shaxsiy va intellektual o‘sish bosqichi bo‘lmoqda. Bu yerda ta’lim tizimi talabaning mustaqil fikrlashi, tahliliy yondashuvi va ilmiy izlanishiga katta urg‘u beradi. Darslar faqat ma’lumot berish bilan cheklanmaydi - muhokama, savol berish va pozitsiyani asoslab himoya qilish talab qilinadi.
Xususan, xalqaro munosabatlar va siyosiy tahlil sohasida o‘qish jarayonida Yevropa akademik muhiti qanday ishlashini ichidan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Kutubxona resurslari, professorlar bilan ochiq muloqot, mustaqil research madaniyati - bularning barchasi ilmiy saviyamni sezilarli darajada oshirmoqda.
Shu bilan birga, xorijda o‘qish insonni ruhiy jihatdan ham chiniqtirar ekan. Yangi muhit, yangi madaniyat va yangi talablar insonni o‘z ustida ishlashga majbur qiladi. Bu jarayon oson emas, lekin aynan shu qiyinchiliklar rivojlanishning asosiy omiliga aylanadi.
Ushbu imkoniyat uchun universitetimga minnatdorchilik bildiraman.
Hamidov Suxrob
“Xalqaro munosabatlar” ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi


O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi — qalbimda chuqur iz qoldirgan, yuragimdan alohida o‘rin egallagan muborak maskandir. Bu dargoh meni juda ko‘p yaxshi, samimiy va ilmga chanqoq insonlar bilan uchrashtira oldi.
Bu yerda biz nafaqat ilm oldik, balki odob-axloq, sabr, mas’uliyat va ilmning hayotimizda naqadar muhim ekanini ham anglab yetdik. Qisqa bo‘lsa-da, to‘rt oy ichida hayotimizda juda ko‘p voqealar sodir bo‘ldi: ba’zan quvondik, ba’zan qalbimizda huzursizlik hissi paydo bo‘ldi.
Yurtimizdan yiroqda bo‘lgan paytlarimizda hamisha yonimizda bo‘lib, qo‘llab-quvvatlagan, mehr va e’tiborini ayamagan insonlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ularning ezgu munosabati, iliq so‘zlari va samimiy yordami biz uchun katta tayanch bo‘ldi.
Bu sahifa bilan yo‘limiz tugamaydi. Bu — yangi bosqichga tayyorgarlik, yangi maqsadlarga qadamdir. Olgan bilimlarimiz kelajakda xalqimiz va dinimizga xizmat qilishga sabab bo‘lishini umid qilaman.
Alloh taolo bu dargohni doimo ilm, ma’rifat va baraka bilan siylasin.
Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozoq-Turk universiteti talabalari


O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish