2

Misr bilan diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

2023-yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Misr Arab Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yangi O‘zbekiston davrida buyuk va qadimiy sivilizatsiyaga ega ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda chinakam tarixiy voqea bo‘ldi.

Mazkur tashrif davomida madaniyat, fan va ta’lim bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy hamda siyosiy sohalarda ham yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.

Shuningdek, 2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Misr Arab Respublikasiga tashrif buyurib, Qohira shahrida “Al-Azhar” majmuasi rahbari va bosh imom shayx Ahmad at-Tayyib bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida globallashuv sharoitida ma’rifatli islom g‘oyalarini targ‘ib qilish, yoshlarni radikal g‘oyalardan himoya etish, shuningdek, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida ta’lim hamda diniy sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ushbu ikki tashrifning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov Misr Arab Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida O‘zbekistonning Misrdagi favqulodda va muxtor elchisi Mansur Qilichev bilan birgalikda Misrdagi turdosh ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqot davomida istiqboldagi rejalar, Al-Azhar universiteti, Islom fanlari akademiyasi, Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha Al-Azhar observatoriyasi hamda “Salam” ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif davom etmoqda.

Izoh qoldirish