1

Bilimli avlod bilan baxtli hayot va farovon kelajak sari

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasi mamlakatimiz hayotida yangi bir tarixiy davr boshlanayotganidan darak berdi. 

O‘tgan to‘qqiz yil davomida bosib o‘tilgan ulkan taraqqiyot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, islohotlarning eng katta yutug‘i nafaqat raqamlarda, balki odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzida namoyon bo‘layotganini ko‘ramiz. 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik. Buning tasdig‘ini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimiz, zamonaviy korxonalar va har bir insonning kundalik hayotida his qilyapmiz”. 

Bugungi O‘zbekiston inson qadri har narsadan ustun turadigan, ijtimoiy himoya va qonun ustuvorligi mustahkamlangan yangi siyosiy-huquqiy makonga aylandi.

Ushbu taraqqiyot strategiyasining ustuvor va markaziy yo‘nalishlaridan biri sifatida ta’lim tizimini tubdan transformatsiya qilish belgilandi. Murojaatnomada ta’lim sifatini oshirish shunchaki vazifa emas, balki millat kelajagini belgilovchi omil ekani qayd etildi. Bu borada maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishdan boshlab, maktablarda o‘qitishning mutlaqo yangi metodikalarini joriy etish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi maqomini yanada yuksaltirish va oliy ta’limni ilm-fan bilan uzviy bog‘lash ustuvor vazifa etib qo‘yildi. Ayniqsa, yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, xorijiy tillarni mukammal bilishi va raqamli texnologiyalar sohasida raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishi iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyati uchun mustahkam zamin yaratadi.

Shu bilan birga, Murojaatnomada iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirish, “yashil” energetikaga o‘tish va ijtimoiy davlat tamoyillarini rivojlantirish kabi strategik maqsadlar ham aynan bilimli va malakali mutaxassislarning kuchi bilan amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish va sud-huquq tizimida adolatni qaror toptirish ham jamiyatning huquqiy madaniyati va ta’lim darajasi bilan bevosita bog‘liqdir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar zamirida kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyat yotadi. Davlatimiz rahbari tarixning buyuk sahifalariga to‘xtalar ekan, bugungi bilimga tashnalikni ulkan tarixiy merosga bog‘ladi: “Mirzo Ulug‘bek bobomiz bundan olti asr muqaddam insonniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yo‘l xaritasini yaratishimiz lozim”. 

Darhaqiqat, bugungi O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy jihatdan yuksalayotgan, balki ma’naviy va ijtimoiy munosabatlar tubdan yangilanayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyori sifatida dunyoga yuz tutmoqda.

Kelajak uchun belgilangan ulkan marralarga yetishning yagona va eng to‘g‘ri yo‘li – bu xalqimizning hamjihatligi va ilmga bo‘lgan intilishidir. Prezident Murojaatnoma yakunida barcha yurtdoshlarimizni umumiy maqsad atrofida birlashishga chaqirib, qat’iy ishonch bilan shunday dedi: “Mana shu haqiqatni chuqur his etib, barchamiz birlashib harakat qilsak, har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirmiz, biron-bir kuch bizni o‘z yo‘limizdan qaytara olmaydi. Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib olg‘a intilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz”. 

Bu da’vat har bir vatandoshimiz qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbatni va ilm orqali kelajakni qurishga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Dilfuza Sagdullayeva,

“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish