1

Murojaatnoma – kelajakning “baxt xaritasi” va maʼnaviy taraqqiyot dasturi

Joriy yilning 26-dekabr sanasi mamlakatimiz siyosiy tarixida yangi sahifa ochdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi nafaqat kelgusi yilning iqtisodiy-ijtimoiy rejalarini, balki millatning maʼnaviy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan strategik yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Prezidentimiz oʻz nutqlarida Mirzo Ulugʻbek bobomiz olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratganini alohida faxr bilan tilga oldi. Bugungi Oʻzbekistonning bosh maqsadi esa kelajak avlodlar uchun “baxtli hayotga olib boradigan yoʻl xaritasini yaratish”dir.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasi uchun ushbu daʼvat alohida masʼuliyat yuklaydi. Murojaatnomada taʼlim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish va intellektual salohiyatni yuksaltirish – jamiyatni demokratlashtirishning eng muhim sharti sifatida eʼtirof etildi. Akademik muhitda maʼrifiy islom gʻoyalarini ilm-fan yutuqlari bilan uygʻunlashtirish, Uchinchi Renessansning muhim ustuni boʻlib xizmat qiladi.

Murojaatnomaning markaziy gʻoyasi – “Inson qadri uchun” tamoyilining yanada kengroq ijrosini taʼminlashdir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, islohotlarning samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson oʻz kundalik hayotida his qilishi kerak. Bunda diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligini targʻib qiluvchi mutaxassislarning roli beqiyos.

Prezident Murojaatnomada mamlakatimiz “yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy va maʼnaviy munosabatlar asosida yashayotgan ozod va erkin insonlar diyori”ga aylanayotganini qayd etdi. Bu jarayonda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va tashqi mafkuraviy tahdidlarga qarshi maʼnaviy immunitetni shakllantirish ustuvor vazifadir.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki mintaqada islomshunoslik va dinshunoslik markazi sifatida Murojaatnomada belgilangan “maʼnaviy tiklanish” va “maʼrifiy islohotlar”ning faol ijrochisiga aylanishi lozim.

“Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”. Murojaatnomaning mazmuniga singgan bu purmaʼno fikr har bir yurtdoshimiz uchun harakat dasturiga aylanishi lozim. Zero, tarixning oʻzi va hayotning oʻzi zimmamizga buyuk bir masʼuliyatni yuklamoqda.

Biz, ilm ahli, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ezgu gʻoyalarni hayotga tatbiq etishda, xalqimizning maʼnaviy yuksalishi va ilmiy salohiyatini oshirishda bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz. Murojaatnomada belgilangan yuksak marralar barchamizni yangi zafarlarga chorlamoqda.

Roziya Matibayeva, 

“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri 

Izoh qoldirish