1

“Konfessiyalararo muloqot klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 22-noyabr kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari o‘rtasida faoliyat yuritib kelayotgan “Konfessiyalararo muloqot klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi madaniyatlar chorrahasi – Samarqand shahrida tashkil qilindi. 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvning asosiy mavzusi sifatida “Dinshunoslikda fanlararo yondashuvning ahamiyati” tanlandi. 

Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, “Dinshunoslik” yo‘nalishi talaba va magistrantlari, shuningdek, viloyatdagi turli diniy tashkilot vakillari ishtirok etdilar. 

Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – zamonaviy dinshunoslik sohasida sotsiologiya, antropologiya, tarix, psixologiya, madaniyatshunoslik, axborot texnologiyalari kabi fanlarning o‘zaro integratsiyasi, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishdagi o‘rni va talabalarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirishdan iborat bo‘ldi. 

Tadbir davomida dinshunoslikda fanlararo yondashuvning metodologik ahamiyati, turli ijtimoiy fanlarning diniy jarayonlarni tadqiq etishdagi roli, konfessiyalararo muloqot va bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlashning ilmiy asoslari, fanlararo integratsiyaning yosh izlanuvchilar uchun ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari kabi masalalar muhokama qilindi. Uchrashuvda talaba va yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etishdi, fikr almashishlar hamda savol-javoblar o‘tkazildi. 

Tadbir ishtirokchilari Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy meros obyektlari va konfessiyalarga taalluqli diniy tashkilotlarda bo‘lib, yurtimizda asrlar davomida shakllangan ko‘p konfessiyalilik va bag‘rikenglik an’analari bilan yaqindan tanishdilar. 

Safar asnosida klub a’zolari fanlararo yondashuvni chuqur o‘rganish, ilmiy almashinuvni kuchaytirish hamda yoshlar o‘rtasida dinlararo va madaniyatlararo muloqotni targ‘ib qilishga qaratilgan kelgusi rejalarni belgilab oldilar. 

Izoh qoldirish