1

Akademiyada “Talabalar sayli” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi hamda “Oltin davrim” shiori ostida “Talabalar sayli” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.

Bayram saylini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova kirish so‘zi bilan ochib berishdi.

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan yurtimiz bayrog‘i nafaqat O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzi, balki xalqimizning, shu yurtda tug‘ilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan turli millat va elatlarning tinchligi, hamjihatligi timsoliga aylanganligi, u yurtdoshlarimiz qalbiga faxr-iftixor tuyg‘usini solib, ularni tinchlikka, ezgulikka, ertangi kunga umid va ishonchini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muqaddas ramz ekanligi ta’kidlandi.  

Bayram tadbirida talabalar tomonidan she’r-qo‘shiqlar ijro etildi, tadbir ishtirokchilari e’tiboriga sahna ko‘rinishlari havola etildi. Ayniqsa, davlat mukofoti va stipendiyalari sovrindorlari bo‘lgan iqtidorli talabalarning chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.

Akademiya foyesi bo‘ylab fakultetlar tomonidan joylashtirilgan ko‘rgazma, milliy taomlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Ta’kidlash joiz, mazkur bayram tadbiri bilan bir qatorda “Yoshlar oyligi” doirasida talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha “Rektor kubogi” bellashuvlari o‘tkaziladi. Talabalarning bilim doirasi, tafakkurini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari muntazam tashkil etiladi.

Talabalar saylida “Eng faol va kreativ jamoa”, “Eng yaxshi bezatilgan joy”, “Eng quvnoq o‘yinlar tashkilotchisi”, “Eng yaxshi bezatilgan dasturxon” hamda “Eng faol ishtirokchilar jamoasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish