1

Millat g‘ururi – Vatan bayrog‘i

Tarixdan maʼlumki, Vatan ramzlari doimo ulugʻ va muqaddas sanalgan. Bayroq hamisha insonlarni yakdillikka, ulugʻ maqsad yoʻlida birlashishga chorlagan. Davlat ramzlari or-nomus, shon-sharaf belgisi sifatida eʼzozlangan. Zero, bayroq har bir xalq, millatning shonli oʻtmishi va buyuk kelajagi, asriy anʼana va urf-odatlarini oʻzida aks ettirgan.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganiga 34 yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat suverenitetining ramzi bo‘lib tarixdan o‘rin egalladi.

Ayni paytda yurtimiz boʻylab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham bayram tadbiri tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Akademiya rahbariyati, fakultet dekan va o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Dastlab davlat madhiyamiz yangrab, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i moviy osmon sari ko‘tarildi. Har bir kishi qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy qadriyatlarni o‘zida aks etgan davlat ramzlariga bo‘lgan cheksiz hurmat mustaqil, ozod va obod, jannatmakon O‘zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarni bir maqsad sari birlashtirib, ko‘ksimizni faxr va iftixorga to‘ldiradi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova kirish so‘zi bilan ochib berishdi.

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan yurtimiz bayrog‘i nafaqat O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzi, balki xalqimizning, shu yurtda tug‘ilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan turli millat va elatlarning tinchligi, hamjihatligi timsoliga aylanganligi, u yurtdoshlarimiz qalbiga faxr-iftixor tuyg‘usini solib, ularni tinchlikka, ezgulikka, ertangi kunga umid va ishonchini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muqaddas ramz ekanligi ta’kidlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi hamda “Oltin davrim” shiori ostida “Talabalar sayli” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish