O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 34 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining TABRIGI
Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar!
Aziz talabalar!
Bugun mustaqil O‘zbekistonimiz uchun nihoyatda muhim sana hisoblanadi. Zero, 1991-yil 18-noyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi.
O‘ttiz to‘rt yildirki, bu qutlug‘ sana har birimiz uchun faxr-iftixor, vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada yuksaltiruvchi imkoniyatdir. Chunki bayroq millat mavjudligi va ozodligi, tarixiy xotira va davlat suverenitetining ramzi bo‘lib, o‘sha xalqning orzu-istaklarini, umidlarini, kelajakka bo‘lgan ishonchini o‘zida ifoda etadi. Dunyodagi deyarli barcha mustaqil davlatlar o‘z bayrog‘iga ega.
Mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Amir Temur bobomizning uning piri Sayid Baraka Amir Husaynga qarshi jangga kirishdan oldin bayroq va nog‘ora taqdim etgan. Sohibqiron Amir Temur hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ham davlat ramzlariga nihoyatda katta ahamiyat berganlar. Jang vaqtida agar bitta jangchi tirik qolsa ham, u mamlakat bayrog‘ini baland tutsin degan xitoblari esa bayroqning naqadar muhim va qiymati baland ekanini ko‘rsatadi.
“Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘liq baland maqom tutganidan dalolat beradi.
Shu o‘rinda “Yo Vatan yo sharafli o‘lim”, deya o‘z yurti uchun kurashgan Najmiddin Kubroning mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi jangdagi Vatan bayrog‘ini qattiq himoya qilib, uni qo‘lida tutib jon berganini tarix unutmaydi.
Aziz talabalar!
Ajdodlarimizning milliy iftixor ramzi bo‘lgan bayroqqa bo‘lgan bunday munosabati biz uchun har qancha o‘rnak qilsa arziydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 5-moddasida ham “O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari davlat himoyasidadir”, deb belgilab qo‘yilgan.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 34 yil to‘ldi. Undagi ranglar ma’no-mazmunini barchamiz bilamiz. Davlat bayrog‘i – bu shunchaki rangu shakllar yig‘indisi emas. U – muqaddas Vatanimiz timsoli, bizning necha ming yillik davlatchilik an’analarimizning davomchisi, yurtimiz tinchligi, birdamligi va taraqqiyotining ramzidir. Uning har bir rangi, har bir chizig‘i xalqimiz tarixi, orzu-maqsadlari va kelajakka ishonchini o‘zida mujassam etgan.
Bugungi kunda mamlakatimiz Prezidentimiz rahnamoligida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida ulkan yutuqlarga erishib bormoqda. Bizning bayrog‘imiz xalqaro maydonlarda yanada baland ko‘tarilib, davlatimiz nufuzi, xalqimiz irodasi va asosiy qimmatlarimizni butun dunyoga tanitmoqda. Bu esa har birimizdan javobgarlik, mehnatsevarlik va fidoyilikni talab etadi.
Davlatimiz rahbarining xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrog‘imiz o‘sha mamlakatlar ko‘chalarini bezaydi. Turli bayram tantanalari va mamlakatimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlar hamda nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz sharafi, xalqimizning g‘urur va iftixorini yorqin aks ettiradigan omillardan biri ham aynan milliy timsolimiz ramzi – bayroqdir.
Bugun nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimizning yutuqlari esa albatta, qalbimizni vatanparvarlik tuyg‘usiga to‘ldiradi. Bunday g‘urur va iftixorga to‘la manzaralar bizni fidoyilikka, vatanparvarlikka, yangi marralarga chorlashi shubhasiz.
Qadrli hamkasblar!
Muxtasar aytganda, mag‘rur hilpirayotgan bayrog‘imiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-obodlik, millatlararo totuvlik, qut-baraka, biz erishayotgan bemisl yutuqlar va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch ramzi sifatida qalbimizga tuganmas iftixor bag‘ishlamoqda.
Go‘zal Vatanimiz kelajagi – sizlarning bilim, intilish va mehringiz bilan bog‘liq. Bayrog‘imiz ostida xalqimizga munosib xizmat qilish, yurtimizni yanada yuksak marralarga olib chiqish – bugungi avlodning ulug‘ burchidir.
Ushbu qutlug‘ kunda barchangizni samimiy muborakbod etar ekanman, yurtimiz osmoni hamisha mustaqillik bayrog‘i bilan bezanib tursin, mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va farovonlik hukmron bo‘lsin!
Muzaffar Kamilov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish