2

Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon

Samarqand davlat universitetida “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqand arxeologiya instituti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari ishtirok etdi. 

Konferensiyada buyuk ajdodimiz, moturidiylik aqidaviy ta’limoti asoschisi Abu Mansur Moturidiy va u zotning izdoshlari qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosning ahamiyati, alloma dafn etilgan Chokardiza qabristonidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari natijalariga oid ma’ruzalar tinglandi. 

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda Imom Moturidiy ilmiy merosiga oid tadqiqotlar sifat va son jihatidan oshib, ushbu ilmiy izlanishlar xorijlik olimlar e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Anjunda ishtirok etgan Indoneziya va turkiyalik olimlar O‘zbekistonda moturidiylik ta’limotiga qaratilayotgan e’tiborning yuksak darajada ekanini e’tirof etdilar.

Tadbirda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Ta’vilot al-Qur’on”, “Kitob at-tavhid” asarlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, Imom Moturidiydan bizning davrimizgacha yetib kelgan asarlar ushbu ikki kitob bo‘lib, alloma yubileyi munosabati bilan mazkur nodir manbalar o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilindi. 

Shuningdek, konferensiya doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosiga bag‘ishlab oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi.

Izoh qoldirish