2

Akademiyada ilk marotaba Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi lavozimi uchun saylov o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi lavozimi uchun saylov bo‘lib o‘tdi.

Akademiya tarixida ilk marotaba o‘tkazilgan Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi lavozimi uchun saylov jarayonining shaffof va adolatli boʻlishini Maxsus komissiya a’zolari nazorat qilib borishdi. 

Dastavval Maxsus komissiya a’zolari tomonidan saylov o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. 

Akademiya Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi lavozimi uchun “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi dotsenti Dilafruz Turdiyeva, “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti Nargiza Shoaliyeva hamda “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi katta o‘qituvchisi Zarifa Mamazovaning nomzodlari ko‘rsatilgan. 

Nomzodlar o‘zlariga ajratilgan vaqt davomida o‘z saylovoldi dasturlari haqida ma’lumot berishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Akademiya xotin-qizlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida xotin-qizlarni to‘laqonli ishtiroki, ayollar va yoshlarning ma’naviy va intellektual o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Jarayon davomida so‘zga chiqqanlar Akademiya professor-o‘qituvchilar tomonidan har bir nomzod ushbu lavozim uchun munosibligi, har bir ishiga, eng avvalo, Akademiya ravnaqi, xotin-qizlar manfaati asosida yondashishi kerakligi ta’kidlandi.

Yakunda Akademiya ayol professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz berishdi. 

Ovozlar sanab chiqilgach, g‘olib Akademiya rektori ishtirokida e’lon qilinadi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish