3

1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining TABRIGI

Assalomu alaykum muhtaram ustoz va murabbiylar! 

Qadrli hamkasblar! 

Siz azizlarni milliy ma’naviyat va ma’rifatimizning asosiy tayanchi, xalqimizning haqiqiy ma’rifatparvar yo‘lboshchilarini hamda ta’lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayram bo‘lgan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Ustoz degan sharafli nomga munosib bo‘lish, o‘qituvchi kasbini ulug‘lab, kelajak avlodni barkamol voyaga yetkazish ulug‘ saodatdir. Shu bois, donishmand xalqimiz ustoz-muallimga hamisha o‘zgacha hurmat va e’tiborda bo‘lib keladi. “Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi – Tangri rozidur”, deydi Alisher Navoiy hazratlari. 

Darhaqiqat, bugun xalqimiz o‘zining azm-u shijoati, bunyodkorlik salohiyati bilan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan bugungi kunda Siz, aziz muallim va ustozlarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirdagi quyidagi jumlalarini keltirishni o‘rinli va joiz deb topdim: 

“Sizning mehnatingiz, sabr-toqatingiz, mehringiz bilan qancha-qancha yoshlar yetuk inson bo‘lib kamol topmoqda. Sizning har bir so‘zingiz – nur, o‘gitingiz – yorug‘ yo‘l, sa’y-harakatingiz – kelajak poydevoridir! 

Sizlar – ertangi kunimizning chinakam me’morlarisiz! 

Qayerda ta’limga e’tibor kuchli bo‘lsa, taraqqiyot bo‘ladi, qayerda tarbiya mustahkam bo‘lsa, tinchlik, farovonlik bardavom bo‘ladi”. 

Haqiqatan, jamiyat taraqqiyoti, davlatning yuksalishi, millatning yuragida iftixor, g‘urur va ma’naviy immunitet shakllanishi, eng avvalo, siz aziz muallimlarimizning mehnati bilan bog‘liq. 

O‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fan sohasiga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ham yurtimizda ta’lim sifatini oshirish, ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘layotganidan dalolat beradi. 

Bugun oliy ta’lim qamrovi jadal oshib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Oliy o‘quv muassasalari soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. Kelgusida oliy o‘quv yurtlarida xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilishi, TOP-100 talikka kirgan universitetlar filiallari ochilishi rejalashtirilgan. 

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham ta’lim tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Akademiya oldidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Unda bugungi kunda dunyoda diniy-ma’rifiy sohada murakkab jarayonlar kechayotgani, turli g‘oyaviy xurujlar yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi barchamizga ma’lum. Shunday davrda Akademiya faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish – nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqada ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. 

Joriy o‘quv yilidan boshlab “Turizm va mehmondo‘stlik” ta’lim yo‘nalishida “Dual ta’lim” tizimi joriy etildi hamda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishida ingliz tili, “Dinshunoslik”, “Islomshunoslik” va “Psixologiya” ta’lim yo‘nalishlarida rus tili ta’lim tili bo‘lgan akademik guruh tashkil etildi.

Hozirda 3 ta fakultet va 10 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Ularda o‘z sohasining 225 nafar yetuk bilimdonlari, ustoz-murabbiylari saboq bermoqda. Professor-o‘qituvchilarimizning ilmiy salohiyati esa 79,6 foizga teng bo‘lib, respublikadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan Prezident Farmoniga ko‘ra, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangan “Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi” dotsenti, biz uchun qadrli ustoz Abdulhay Abdullayevning ham borligi bizni quvontiradi. 

Bakalavriat bosqichida 2347 nafar hamda magistratura bosqichida 236 nafar talaba tahsil olmoqda. Talabalarning umumiy kontingenti 2583 nafarni tashkil etadi. 

2024/2025-o‘quv yilida 15 nafar iqtidorli talabalar respublika va xalqaro darajadagi stipendiyalar sovrindori bo‘ldi. Shundan, nafari Prezident granti stipendiyasi, 3 nafari Imom Buxoriy Davlat stipendiyasi, 1 nafari Islom Karimov Davlat stipendiyasi, 4 nafari Mahmudxo‘ja Behbudiy maxsus stipendiyasi hamda 3 nafari ISESCO xalqaro stipendiyasiga ega bo‘lishdi. 

Vijdon erkinligi va diniy sohadagi davlat siyosatining namunasi sifatida Akademiya faoliyati BMTning Iordaniya Qiroli Abdulloh II nomidagi “Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi-2025” tanlovida 1-o‘rin bilan e’tirof etildi. Mukofotni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Demie Zuher Haddad topshirdi. 

Bu yutuqlarning barchasi Siz aziz ustoz va murabbiylarimizning zahmatli mehnatingiz, o‘z kasbingizga bo‘lgan fidoyilik namunasidir. 

Muhtaram ustoz va murabbiylar! 

So‘zim yakunida shogirdlaringizning ma’naviy yetuk, bilimli, Vatan va xalqqa sadoqatli bo‘lib yetishishi yo‘lidagi fidoiy mehnatingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiraman. 

Sizlarga sog‘liq-salomatlik, oilangizga tinchlik-farovonlik, oliyjanob va sharafli faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman. 

Bayramingiz muborak bo‘lsin! 

Muzaffar Kamilov,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

Izoh qoldirish