
Sizga ehtirom – aziz ustozlar!
Ustozlik martabasi dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasb sanaladi. Ustoz har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning “ustoz otangdek ulug‘” degan ibratli o‘giti zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi mujassamdir.
Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yechimida ilm-fanning hayot va amaliyot, ishlab chiqarish bilan o‘zaro uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi.
E’tirof etish kerak, davlatimiz tomonidan, eng avvalo, uzluksiz ta’lim tizimi islohotlari asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul muallim va professor-o‘qituvchilar faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bil’aks, jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.
Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “Sizga ehtirom – aziz ustozlar!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimni Akademiya rektori Muzaffar Kamilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Talabalarga bilim va tarbiya berayotgan ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini yoshlarga har tomonlama chuqur va mufassal o‘rgatishda ustoz va murabbiylarning hissasi salmoqli ekanini qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanalishini ta’kidlashdi.
Tantanali marosimda “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori Ahadjon Hasanov hamda “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi dotsenti Mavluda Xodjayeva Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Xalqimiz qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlariga bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Akademiyada tashkil etilgan tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish