
Madaniy oʻlchov va Oʻzbekiston – Oʻmon muloqoti: islohotlar yoʻli
Joriy yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri sifatida xalqimizni zamonaviy ilm-fanga chorlagan, ma’rifatparvarlikni milliy taraqqiyotning asosiy yo‘li deb bilgan. Allomaning asarlari, pedagogik qarashlari va siyosiy faoliyati nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon sharqida yangi uyg‘onish ruhini uyg‘otdi, desak, yanglishmaganbo‘lamiz.
O‘mon Sultonligi tarixida esa Sulton Qobus bin Said hazratlari ham ana shunday ma’rifatparvar inson sifatida xotirlanadi. Har ikki zot turli davr va mintaqada yashab, faoliyat olib borgan bo‘lsa-da, ammo ularning g‘oyaviy qarashlari, xalqni ma’rifatli qilish borasidagi maqsadlari mushtarak edi.
Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligi hamda Oʻmon Sultonligi sobiq rahbari Sulton Qobusning maʼrifatparvarlik va ilm sohasidagi islohotlariga bagʻishlangan “Madaniy oʻlchov va Oʻzbekiston – Oʻmon muloqoti: islohotlar yoʻli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Mazkur anjuman Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Oʻmon Sultonligining “Baytul qiroa saqofiy” kitobxonlar jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda Oʻmonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir al-Busaidiy tabrik so‘zlari bilan ochib berishdi.
Shuningdek, “Baytul qiroa saqofiy” kitobxonlar jamiyati vakili Hamda ash-Shamsiy va Maryam al-Vahaybiy “Islohotchi taxtda” kitob taqdimoti haqida so‘z yuritdi.
Konferensiyada Texnik talablar departamenti direktori, ekologik menejment va iqtisodiyot boʻyicha fan doktori Jihod bint Jabr al-Busaidiy, O‘mon Xotin-qizlar assotsiatsiyasi (Maskat) xazinadori va boshqaruv kengashi aʼzosi, pudrat va qurilish sohasida tadbirkor Hanan bint Muhammad az-Zajaliy, bankir, buxgalteriya va moliyaviy menejment boʻyicha magistr Kamila bint Muhammad az-Zajaliy, biznes boshqaruv oʻqituvchisi va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutaxassislar – Taxira bint Fida al-Lavatiya, Intisar Abu al-Rab, taʼlim sohasi mutaxassisi va kasbiy yoʻl-yoʻriq boʻyicha murabbiy Naxla bint Sulaymon al-Ankudiy, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchisi Ahmad Musa, sharqshunos olim Baxtiyor Ibragimov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, tadqiqotchi olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Anjuman davomida “Mahmudxoʻja Behbudiy ilmiy merosining oʻziga xos jihatlari”, “Sulton Qobus bin Said: zamonaviy O‘monning islohotchi hukmdori”, “Qobus bin Said islohotlari: yopiqlikdan zamonaviy davlatga”, “Jadidlar va Mahmudxoʻja Behbudiyning maʼrifatparvarlik va ilm-fan sohasidagi faoliyati”, “O‘mon – anʼana va modernizatsiya chorrahasida: Sulton Qobus merosi”, “Mahmudxoʻja Behbudiy va Sulton Qobusning maʼrifatparvarlik qarashlarining oʻxshash jihatlari”, “Sulton Qobus islohotlarining jadidlar islohotlariga mosligi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman davomida Mahmudxo‘ja Behbudiy va O‘mon Sultonligining marhum rahbari Sulton Qobus bin Saidning islohotlaridagi o‘xshash jihatlar haqida so‘z yuritildi.
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari 2024-yil 27-dekabrida “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edilar.
Vatanimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ong-u tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tomonidan ham Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, talabalarimiz uchun “Behbudiy” nomida stipendiya joriy etilgan, jadidchilik merosiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda, yoshlar orasida Behbudiy asarlarini o‘qish va tadqiq etish bo‘yicha maxsus davra suhbatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, O‘mon Sultonligining marhum rahbari, Sulton Qobus bin Said hazratlari o‘z yurtida amalga oshirgan islohotlari ham dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak baholangan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-siyosiy sohalarda katta islohotlarni amalga oshirdi. Ayollarning ta’lim va mehnatdagi rolini qo‘llab-quvvatladi. U kishining sultonlik davri tarix sahifalarida “O‘mon uyg‘onishi” deb ataladi.
Sulton Qobus bin Saidning yurtida amalga oshirgan madaniy, ta’limiy va ilm-ma’rifiy islohotlari mamlakatni xalqaro maydonda obro‘-e’tibor qozonishiga xizmat qildi.
Anjuman ma’ruzachilari Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarining yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, shu asosda ularni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.
Tadbir davomida Oʻmon Sultonligining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Tasviriy sanʼat koʻrgazmasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish