1

Yoshlar ta’lim-tarbiyasi – millat kelajagining poydevori

Jamiyatning kelajagi, davlatning istiqboli, xalqning taraqqiyotini yoshlarga berilayotgan ta’lim va tarbiya bilan baholash mumkin. Tarixan ota-bobolarimiz farzand tarbiyasiga milliy qadriyat, muhim burch sifatida qaraganlarida katta ma’no bor. Ana shu qadriyatni saqlab qolish, kelgusi avlodlarga yetkazish bizning ustuvor vazifamiz hisoblanadi.

Taassufki, globallashuv jarayoni yoshlar ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ba’zi nosog‘lom kuchlar ertamiz egalariga mafkuraviy va ma’naviy sohada o‘z g‘oya hamda mafkuralarini singdirishga urinmoqda. Shu bois, farzand tarbiyasiga yanada e’tiborli bo‘lish, qarovsiz va nazoratsiz qoldirmaslik talab etiladi. Bu holatda yosh avlod ta’lim-tarbiyasida nafaqat ota-onaning, balki ta’lim muassasalari vakillarining ham o‘rni katta. 

Shu maqsadda o‘tgan hafta O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 1-2-kurs talabalarining ota-onalari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida “Ota-onalar kongressi” o‘tkazilgan edi. Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashilgan, ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglangan edi. 

Bugun ana shu muloqotlarni davom ettirgan holda 3-4-kurs talabalari va magistrlarning ota-onalari ishtirokida “Ota-onalar kongressi” bo‘lib o‘tdi. 

Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Irgash Daminov, Zokirjon Ro‘ziyev, Salim Dusanov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Akademiya rektori Muzaffar Kamilov ochib berdi. Akademiya rektori o‘z so‘zida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada tizimli islohotlar, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan Akademiyada jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.

Muloqot davomida soha prorektorlari so‘zga chiqib, bugungi kunda Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. 

Suhbat davomida mas’ullar tomonidan talabalarga yaxshi ta’lim berish bilan cheklanib qolinmay, ularning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi, bu borada Akademiya va ota-ona hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi kerakligi alohida ta’kidlandi. 

Tadbirda ota-onalar ham so‘z olib, farzandlariga sifatli ta’lim va tarbiya berib kelayotgan Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda mutasaddilarga minnatdorlik bildirishdi. 

Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi. 

Tadbirdan so‘ng ota-onalar Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Muassasa hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Yunusxon, Shayx Xovandi Tohur hamda To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralariga ziyorat uyushtirildi.

Tashrif davomida allomalar hayoti, ilmiy merosi, maqbaraning bugungi kundagi ahamiyati, bu yerga keladigan ziyoratchilar tashrifi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Shuningdek, ota-onalar “Manbalar xazinasi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, “Usmon Mus’hafi” hamda “Langar Qur’oni”ning nusxalarini ko‘zdan kechirishdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish