2

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida yangi o‘quv yili boshlandi

Talabalik inson hayotining oltin davri bo‘lib, cheksiz imkoniyatlar, ulkan maqsadlar sari olib boruvchi, zavq-shavqqa to‘lgan eng go‘zal pallasidir. Har bir fasl singari, har bir davrning ham o‘z fazilati va xislati bor. 

Ayni paytda yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” nomli “Talabalikka bag‘ishlov!” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Akademiya rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar, ota-onalar, Akademik litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi. 

Marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Kamilov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi hamda 2025/2026-o‘quv yili bilan tabrikladi.

Akademiya rektori o‘z tabrigida so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Yoshlarni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilayotgani, bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanishini qayd etdi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi.

Bugungi kunda Akademiyada Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islomshunoslik fakultetlari, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”, “Ijtimoiy fanlar va huquq”, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi kabi 10 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. 

Tadbir davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi Abdulhay Abdullayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etishdi.

Shuningdek, marosimda talabalarning ota-onalari so‘z oldi. Akademiyaga yuqori ball to‘plab, o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Tadbir talabalar tomonidan ijro etilgan Vatan, istiqlol, yoshlikni tarannum qiluvchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlarga ulanib ketdi.

Tantanali marosim auditoriyalardagi “Mustaqillik darslari” bilan davom etdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish