2

Akademiyada o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022/2023-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi 2022-yil 15-iyundagi qarori asosida xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish my.uzbmb.uz platformasi orqali 15-iyuldan 5-avgustga qadar amalga oshirildi. 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan “Islomshunoslik” hamda “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi.

Imtihon jarayonlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 11-avgustdagi “Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish to‘g‘risida”gi 296-sonli buyrug‘i asosida tashkil etildi.

Imtihon jarayonlarini belgilangan tartib-qoidalar asosida, yuqori saviyada tashkil etish uchun, chet tillar (ingliz, arab va turk) bo‘yicha hamda ijtimoiy fanlar bo‘yicha imtihon komissiyasi va apellyatsiya komissiyasi tashkil etildi. Imtihon va apellyatsiya komissiyalari tarkibiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili, Akademiyaning yetakchi professor-o‘qituvchilari hamda boshqa oliy ta’lim muassasasining tegishli soha bo‘yicha professor-o‘qituvchilari jalb qilindi. 

Talabgorlar imtihonni qulay sharoitda topshirishlari uchun sharoit yaratilib, imtihon yorug‘ va salqin auditoriyalarda tashkil etildi. 

 Imtihon jarayonida shaffoflik ta’minlandi va imtihon jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasi tashkil etildi. 

Talabgorlarga chet tillaridan “gapirish” ko‘nikmasi va Ijtimoiy fanlar bo‘yicha baholari imtihon jarayonida ma’lum qilib boriladi. Umumlashgan baholar shu kunning o‘zida hisoblab chiqiladi va akademiyaning veb-sayti va rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinadi. 

Keyingi bosqichda, talabgorlar o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish balini to‘plash uchun Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etiladigan test sinovlarida qatnashadi. Yakuniy natijalar agentlik tomonidan akademiyaga taqdim etilgandan so‘ng o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilgan talabgorlar nomi ma’lum bo‘ladi. 

Ma’lumot uchun, Dinshunoslik va Islomshunoslik ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish bali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziriligining 2025-yil 15 iyuldagi 264-son buyrug‘iga ko‘ra 94 ball etib belgilangan.

Izoh qoldirish