2

“G20 Dinlararo forumi”da O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda

Joriy yilning 10-14-avgust kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida “G20 Dinlararo forumi” bo‘lib o‘tmoqda.

“Birdamlik, tenglik, barqarorlik” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirda turli din konfessiya vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, hukumat amaldorlari, akademik doira mutaxassislari va fuqarolik jamiyati faollari qatnashyapti.

Mazkur forumda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslanbek Davletov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ham ishtirok etmoqda. 

Forumning asosiy maqsadi dinlararo muloqot va hamkorlikni kuchaytirish orqali global muammolar – ijtimoiy adolat, tinchlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida yangi tashabbuslar ishlab chiqishdan iborat. 

11-avgust kuni forum mahalliy va xalqaro tashkilotlar yuqori martabali vakillari qutlov so‘zlari bilan tantanali tarzda ochildi. Xususan, Mahalliy tashkiliy qo‘mita raisi, Janubiy Afrika universiteti sobiq prorektori Devid Mosoma, BAAdan Musulmonlar Kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdulsalom, “G20 Dinlararo forumi” Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ketrin Marshall va Forum bosh direktori Uitni Kleyton forumning maqsad va ahamiyati haqida so‘z yuritdi. 

Shundan so‘ng forum ishi “Moliya va qarz haqidagi amaliy tashabbuslar” hamda “Qashshoqlik va ochlikka qarshi kurash” mavzularidagi plenar sessiyalar bilan davom etdi.

Ularda “Ochlikka qarshi kurash: qashshoqlikni bartaraf etishda hal qiluvchi omil”, “Yubiley yili: moliya arxitekturasida tenglik tamoyillari”, “Afrikada dinlararo hamkorlik: Janubiy Afrika va Afrika Ittifoqi ustuvor yo‘nalishlari”, “Notekislik muammolari: mustamlakachilik va siyosiy meros tahlili”, “Ayollar va yoshlar: G20 va dinlararo hamkorlikdagi roli”, “Sun’iy intellekt inqilobi: axloq va harakat”, “Barcha uchun sog‘liq: COVID-19dan so‘ng diniy jamiyatlarning tiklanishdagi roli”, “Korrupsiyaga qarshi diniy tashabbuslar”, “Zamonaviy aloqalarning ijobiy va salbiy tomonlari: dezinformatsiyaga qarshi kurash”, “Irqchilik va kamsitishga qarshi kurash: amaliy yechimlar va kelgusi vazifalar”, “G20 kun tartibining din erkinligi bilan bog‘liq jihatlari” hamda “Amaliy harakat strategiyalari: diniy jamoalar va global kun tartiblari” mavzulari muhokama etildi va mutaxassislar tomonidan taqdimotlar qilindi.

12-avgust kuni esa “Ta’lim – inson rivojlanishi uchun asosiy mezon” mavzusida plenar sessiya bo‘lib o‘tdi. 

Sessiyada “Yahudiy-musulmon diniy birodarlik loyihasi”, “Birdamlik uchun ta’lim: madaniyatlararo diniy savodxonlik va zo‘ravonlikka qarshi yechimlar”, “Afrikadagi asosiy muammolarga e’tibor”, “Yoshlar va aqliy salomatlik masalalari”, “Sog‘liqni saqlashdagi amaliyotiy muammolar”, “Sun’iy intellekt: axloqiy muammolar va amaliyot”, “Din va insonparvarlik: Ubuntudan o‘rganish” kabi mavzular muhokama etildi hamda soha mutaxassislari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Forum ishi davom etmoqda. 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish