
Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!
Keyingi yillarda yurtimizda yoshlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etishi uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Zero, yurt taraqqiyotini zamonaviy bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, yoshlarning iqtidorini aniqlash va uni rivojlantirish muhim masalaga aylangan.
Ajdodlarimizning boy merosini o‘rganib, har taraflama yetuk, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘zining navbatdagi bitiruvchilarini hayot yo‘lining yangi davri sari kuzatmoqda.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mazkur marosimda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov so‘zga chiqib, bitiruvchi talabalarga o‘z tilaklarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Islomshunoslik va Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 2024/2025-o‘quv yilida 309 nafar talaba bakalavriat hamda 95 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi yoshlar hamda faol talabalar taqdirlandi.
Tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi talabalar hamda faol yoshlarga tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samimiy va qizg‘in muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari so‘z olib, Akademiya rahbariyati va ustozlarga minnatdorlik bildirishdi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, QVZ dasturlari, talabalar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, bitiruv tadbiri doirasida 2024-2025-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi oʻtkazildi.
Unda ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 10 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish