3

Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o‘rni

Yurtimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Natijada oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabatimiz tobora yuksalib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylandi. 

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Mazkur anjuman Akademiya Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi hamda “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Irgash Daminov hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Matluba Kaxxarova tabrik so‘zi bilan ochib berishdi.

Akademiya prorektori o‘z nutqida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilanganini e’tirof etdi.

O‘z navbatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Matluba Kaxxarova joriy yilning 25-fevralida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni haqida batafsil ma'lumot berar ekan, ushbu hujjat mohiyatida nafaqat vijdon erkinligi, balki xotin-qizlarning haq-huquqlari ham aks etganini ta'kidladi. 

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan anjumanda siyosiy fanlar doktori, professor E’tibor Sultanova, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mashhura Darmonova, Akademiya professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, ekspert-olimlar hamda talabalar ishtirok etdi. 

Konferensiyada “Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o‘rni”, “Yangi O‘zbekiston rivojida xotin-qizlarning roli (davlat rivojiga hissa qo‘shgan olimalar)”, “Ayollar – nomoddiy madaniy merosni saqlovchi va tarqatuvchilar”, “Women daily planner” – ayollar uchun raqamli kundalik dasturiy kompleks” hamda “Oila mustahkamligi jamiyat taraqqiyotida muhim omil” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni e’tirof etishdi.

Chindan ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi sa’y-harakatlar, millat genofondini mustahkamlash, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish va ularning har tomonlama rivojlanishi uchun munosib sharoit yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasbiy rivojlanishi va innovatsion sohalarda o‘zini namoyon etishi uchun mamlakatimizda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Ayol – nafaqat oila, balki jamiyat tayanchi, millat tarbiyachisi. Ular uchun yaratilayotgan sharoitlar kelajagimiz poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi”. Shu bois, mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar nafaqat bilim olish, balki o‘z qobiliyatlarini jamiyatda namoyon etish, orzularini ro‘yobga chiqarish uchun ham ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Anjuman doirasida Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Mashhura Darmonova hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi katta o‘qituvchisi A.Suleymanova ishtirokida hunarmandchilik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.

Shuningdek, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi katta o‘qituvchisi Yulduz Dosjanova tomonidan “Stress sabablarining tahlili va uning oldini olish usullari” mavzusida psixologik trening ham tashkil etildi.

Qizg‘in muhokamalar, savol-javoblar tarzida o‘tgan anjuman ishtirokchilarda katta taaasurot qoldirdi. 

Konferensiya doirasida hunarmandchilik buyumlari savdo ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish