
Akademiyada ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘quv seminar o‘tkazildi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jurnalistlar uyushmasi va “Ziyo” media markazi tomonidan “Radikallashuv omilida axborot manipulyatsiyasi va unga qarshi kurashish” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminarni tashkil etishdan maqsad OAV vakillarini diniy radikalizm omilining real xatarlari, radikal axborot xuruji kuzatilayotgan manbalar, radikal voizlar haqidagi ma’lumotlardan xabardor etish, tinglovchilarda diniy radikalizmning siyosiy, geosiyosiy, iqtisodiy, diniy va mafkuraviy jihatlari to‘g‘risida to‘laqonli tasavvur uyg‘otishdan iborat.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov hamda “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov kirish so‘zi bilan ochib berishdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va “Ziyo” media markazi ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Xususan, “Aholi, xususan yoshlarni radikal g‘oyalar va ekstremistik qarashlardan himoyalashda OAV o‘rni va roli”, “Radikallashtirish loyihalari va ulardan ko‘zlangan maqsad: sabab va yechimlar”, “Diniy mazmundagi materiallarni ekspertizadan o‘tkazish tartibining huquqiy asoslari”, “Radikallashuv omilining geosiyosiy jihatlari”, “Soxta salafiylik va “Hizbut-tahrir” g‘oyalarining ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka tahdidi”, “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati kontsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati” hamda “Raddiyalar: noto‘g‘ri talqin va asl mohiyat” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzalar orqali OAV vakillariga O‘zbekistonda davlat va din munosabati hamda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunning mazmun mohiyati haqida tushunchalar berildi.
Tadbirda qayd etilganidek, diniy radikal g‘oyalar, ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning axborot xuruji aholi, ayniqsa yoshlar ongiga jiddiy tahdid solmoqda. Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Telekanallar, radiostansiyalar, internet saytlari, gazeta va jurnallarda minglab jurnalistlar faoliyat yuritmoqda.
Biroq radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi jurnalistik yo‘nalishda ish olib borayotgan ijodkorlar soni sezilarli darajada kam. Buning ortida mavzuning murakkabligi, jurnalistlarning maxsus tayyorgarligi yetarli emasligi, xususan, radikalizm masalasining siyosiy, geosiyosiy, iqtisodiy, diniy va mafkuraviy jihatlaridan voqiflik darajasi pastligi kabi qator omillar yotadi.
Ushbu o‘quv-seminar orqali jurnalistlar axborot xurujiga qarshi tura olish va bu borada tahlil ko‘nikmalarini rivojlantirish, mavzuga yondashganda ishonchli manbalarga tayanish hamda davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qiluvchi ta’sirli media mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart.
Yakunda ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish