
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Birlashgan Millatlar tashkilotining Qirol Abdulloh II nomidagi “Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi – 2025” mukofotiga sazovor bo‘ldi
2010-yil 23-sentabrda Iordaniya Qiroli Abdulloh II tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasida ta’sis etilgan “Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi” har yili fevral oyining birinchi haftasida butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanib kelinmoqda.
2025-yilda ushbu haftalik doirasida 1300 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilib, ulardan 79 ta hisobot mukofot uchun taqdim etildi.
Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan joriy yilning 4-8 fevral kunlari “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” shiori ostida tashkil etilgan ilmiy, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Quvonarlisi, Akademiyada tashkil etilgan mazkur haftalik Birlashgan Millatlar tashkilotining Qirol Abdulloh II nomidagi “Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi – 2025” mukofotining BIRINCHI o‘rniga loyiq deb topildi. Yaqin kunlarda Akademiyaga oltin medal, sertifikat hamda 5 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbirlar doirasida Akademiyada quyidagi tadbirlar o‘tkazildi:
“Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” nomli xalqaro ilmiy-amaliy seminar, “Diniy ta’limotlarda bag‘rikenglik” mavzusida talabalar ilmiy anjumani, “Sog‘lom e’tiqod va hamjihatlik – insoniy birodarlik asosi” mavzusida yoshlar o‘rtasida ijtimoiy videorolik tanlovi, Akademiya talabalar teatr jamoasining “Sen yetim emassan” mavzusida sahna ko‘rinishi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston bag‘rikeng diyor” shiori ostida O‘zbekistondagi milliy-madaniy markaz vakillari ishtirokida madaniy chiqishlar, turli din vakillari ishtirokida “Do‘stlik dasturxoni” tushlik tadbiri hamda sportning shahmat, shashka, stol tennisi va mini-futbol turlari bo‘yicha “Sport – madaniyatlar ko‘prigi” nomli konfessiyalararo birodarlik sport musobaqalari tashkil etildi.
Haftalik tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi vakillari, dinshunos ekspertlar, taniqli olimlar, konfessiyalar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Toshkent pravoslav va protestant seminariyalarining ilmiy xodimlari va talabalaridan iborat 1000 dan ortiq ishtirokchi faol qatnashdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akakdemiyasi tomonidan “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” shiori ostida tashkil etilgan ilmiy, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari va u haqida tayyorlangan hisobot Xalqaro hay’at a’zolari tomonidan e’tirof etilib, Birinchi o‘rin sifatida nomzodlar ichidan tanlandi.
Mazkur yutuq O‘zbekistonning dinlararo muloqot va bag‘rikenglik sohasidagi davlat siyosatining xalqaro darajadagi e’tirof etilishi hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, xalqaro hay’at a’zolariga shahzoda G‘oziy Muhammad hazratlari, Quddus, Falastin va Iordaniya Patriarxi Feofil III hazratlari, Misr Arab Respublikasining sobiq Bosh muftiysi Shayx Doktor Ali Gomaa hazratlari, Iordaniya va Muqaddas Yerdagi Injil-Lyuteran Cherkovi yepiskopi va Jahon Lyuteran Cherkovlari Federatsiyasi prezidenti, Yepiskop Munib Yunan hazratlari, Al-Azhar universiteti professori Shayx Usoma as-Sayyid Al-Azhariy, Iordaniya Dinlararo Totuvlik Tadqiqot Markazi asoschisi va ijrochi direktori Ota Nabil Haddad hamda Qirollik Aol Al-Bayt Islom Tafakkuri Instituti direktori, doktor Tarek Elgauhariy kabi nufuzli ulamo va olimlar kiradi.
G‘oliblik munosabati bilan Qirol Abdulloh II nomidagi BMT Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi mukofoti direktori Aftab Ahmad nomidan Akademiya jamoasiga tabrik xati yo‘llandi.
Tabriknomada Akademiyada o‘tkazilgan haftalik yuqori saviyada tashkil etilgani, buning uchun esa Akademiya rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik so‘zlari izhor etilgan.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rahbariyati professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalarni mazkur yutuq bilan muborakbod etadi.
Izoh qoldirish