2

Akademiya vakili xalqaro anjumanda ma’ruza qildi

Joriy yilning 30-31-may kunlari Turkiyaning Istanbul tijorat universitetida “Turkiya va Oʻzbekistonda oilani mustahkamlashga asoslangan davlat siyosatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. 

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, Turkiya Respublikasi oilaviy va ijtimoiy xizmatlar vazirligi, Istanbul Tijorat Universiteti, KADEM (Ayollar va Demokratiya Jamiyati) va O‘zbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Ushbu tadbirda yurtimizdan tashrif buyurgan olima ayollar va keng jamoatchilik vakillari qatorida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti Nargiza Shoaliyeva ham ishtirok etib, “Ayollarning rahbarlik faoliyatida ma’naviy va madaniy omillar ta’siri” mavzusida ma’ruza qildi.

Anjuman ilmiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi roli, gender tenglik hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy rivojlanishdagi o‘rnini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan.

Tadbir davomida o‘zbek va turk ekspertlari oilani mustahkamlash va jamiyatdagi xotin-qizlar mavqeini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajriba va yondashuvlarni almashdilar. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlik, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashda tutgan o‘rni muhokama qilindi.

Izoh qoldirish