1

Ilmni qadrlang, ilmga intiling!

Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi “Ziyo-zukko” maktabida “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida 2024-2025 o‘quv yili bitiruvchilari uchun “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tantanali tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, fidoyi ustoz Shoazim Minovarov, maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Akademiya rektori o‘z tabrigida mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarning kelgusidagi o‘qish va ishlarida omad tiladi. 

Tadbir davomida a’lo o‘qishi, namunali xulqi, iqtidori bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir guruh o‘quvchilarga esdalik sovg‘asi va faxriy yorliq topshirildi.

Rasmiy tadbirlardan so‘ng o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Tadbirning eng ta’sirli qismlaridan biri – an’anaviy so‘nggi qo‘ng‘iroq jarangi bo‘ldi. Umidlar va xayrlashuvlar bag‘ridagi bu qo‘ng‘iroq bitiruvchilar va ustozlar uchun unutilmas voqeaga aylandi.

Maktab uzra jaranglagan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari o‘g‘il-qizlarni yangi maqsadlar va yuksak orzular sari dadil qadam tashlashga undadi.

Izoh qoldirish