
O‘zbekistonda turizm faoliyatini raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlari va samaradorligini oshirish yo‘llari
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekistonda turizm faoliyatini raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlari va samaradorligini oshirish yo‘llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur tadbir “Buxoro ziyoratgohlarining elektron 3D modeli yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida amalga oshirilib, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va Qo‘qon universiteti hamkorligida tashkil etildi.
“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning tabrigini Akademiya prorektori Ergash Daminov o‘qib eshittirdi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi vakili Sherali Ahmadjonov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda yurtimiz va xorijiy mamlakatlardan taniqli olimlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar. Anjumanning asosiy e’tibori O‘zbekistonda turizm sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish, mavjud muammolarni bartaraf etish va samaradorlikni oshirish yo‘llarini aniqlashga qaratildi.
Keyingi chiqishlarda Fanlar akademiyasi akademigi Nurislom Tuxliyev, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti vakili Barno Mammetova, Singapur Menejment institutining katta o‘qituvchisi Asghar Mehmood Sufyan, ispaniyalik olima Maria de los Angeles Perez Sanchez, dotsent Chori Husanov, Malayziya xalqaro islom universiteti vakili Shamshul Amry Abdul Latif, shuningdek, boshqa nufuzli olimlar raqamli transformatsiya, ziyorat turizmi, ekoturizm, kontent platformalari, “aqlli shahar” konsepsiyasi va mahalliy gastronomik merosni turizm bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha o‘z ilmiy qarash va takliflarini taqdim etdilar.
Anjumanda “O‘zbekistonda turistik faoliyatni raqamlashtirishning iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyati va muammolari”, “Orolbo‘yida ekoturizm salohiyati, qiyinchiliklari va rivojlanish istiqbollari (muayyan tur misolida)”, “Turistik obyektlarda xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirishning innovatsion yondashuvlar”, “Raqamli transformatsiya sharoitida O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanish istiqbollari”, “O‘zbekistonda “aqlli shahar” (smart city) konsepsiyasini turizm infratuzilmasiga integratsiyalash imkoniyatlari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiya “Ziyorat turizmni rivojlantirishning hududiy xususiyatlari va innovatsion yondashuvlari” hamda “Zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirishning muammolari va istiqbollari” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.
Shuningdek, “Turizm xizmatlari sohasida halol sertifikaltash tashkilotlari” mavzusida binary dars hamda “O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusida mahorat darsi ham o‘tkazildi.
Xalqaro konferensiya davomida raqamlashtirish orqali turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy tajribalarni o‘rganish, mahalliy resurslarni to‘g‘ri boshqarish va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qator takliflar bildirildi. Shuningdek, tadbir yakunida ishtirokchilar uchun savol-javoblar sessiyasi, umumiy fotosessiya va akademiya hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.
Anjuman ishtirokchilari mahalliy va xalqaro miqyosdagi davlatlarning turizm rivojidagi roli, siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va ularning sayyohlar xavfsizligiga ta’siri hamda milliy turizm salohiyatini yanada rivojlantirish uchun xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
Muxtasar aytganda, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman jahon va milliy turizmni rivojlanishidagi zamovaviy trendlarga doir muhim masalalarni muhokama qilish uchun dunyo bo‘ylab yetakchi olimlar, ekspertlar va mutaxassislarni birlashtirdi.
Mazkur konferensiya nafaqat ilmiy tajriba almashish, balki turizmni barqaror rivojlantirish va raqamli yondashuvlarni chuqur anglash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish