
Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari
Barchaga ma’lumki, hayotimizni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur eta olmaymiz. Ayniqsa, bugungi kunda sun’iy intellekt, mashinali o‘qitish, o‘z-o‘zini boshqarish tizimlari, nano texnologiyalar kundan kunga rivojlanib borayotgan vaqtda biz raqamli dunyoda yashayapmiz deb bemalol ayta olamiz.
Raqamli texnologiyalarning bunday rivojlanishi esa, o‘z navbatida foydalanuvchilarga katta imkoniyatlar olamini ochadi. Raqamli texnologiyalar chegara bilmaydi. Albatta, uning bunday imkoniyatlaridan g‘arazli niyatdagi kuchlar ham samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu hattoki, davlatlarning suverenitetiga daxl qilish darajasiga qadar yetib bormoqda.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham har yili an’anaviy tarzda sohaga doir respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan.
Navbatdagi konferensiya ham “Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Mazkur anjumanning maqsadi diniy-ma’rifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari va axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni, kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari, shuningdek, sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qo‘llanilishiga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar hamda tadqiqotlar natijalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirishdan iborat.
Onlayn va oflayn formatda o‘tkazilgan anjumanni Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori Ergash Daminov rektor Muzaffar Komilovning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Internet firibgarliklarning zamirida nima yotganligi, bunda internet foydalanuvchilarining o‘zlari ham sababchi bo‘lib borayotganligi, oddiygina ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish etikasini bilmasligi natijasida internet firibgarliklari vujudga kelayotgani qayd etildi.
Bugungi anjumanda yurtimizda kiberxavfsizlik bo‘yicha vakolatli organ hisoblangan “Kiberxavfsizlik markazi” DUK xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va “CYBER-BRO” kiberxavfsizlik kompaniyasi xodimlari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etayotganligidan axborot xavfsizligining qanday ahamiyatga ega ekanligini bilish mumkin.
Jumladan, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK xodimi Mashhura Rahmanqulova “Hozirgi kunda kiberxavfsizlikning dolzarb muammolari”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi “Boshqaruvda AKT” kafedrasi professori Anvar Yuldashev “Davlat boshqaruvini raqamli tranformatsiya qilish: muammolar va ularning yechimlari”, O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi xodimlari Abdurasul Iminov “Ichki ishlar organlari tizimini kompleks raqamli transformatsiya qilish: zarurat, asosiy yo‘nalishlar va istiqbollar”, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi Otabek Abdirozikov, Baxtiyor To‘rayev “Harbiy faoliyatda kiberxavfsizlikni ta’minlash: muammo va yechimlar”, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti kafedrasi mudiri Elshod Haydarov “Blockchain texnologiyasining kiberxavfsizlikni ta’minlashdagi roli”, CYBER-BRO kiberxavfsizlik kompaniyasi rahbari Malik Qurbonov “Zamonaviy kibertahdidlar va O‘zbekiston internet sarhadlarida kiberxavfsizlik holati” kabi mavzularda o‘z taqdimotlarini taqdim etdilar.
Ilm mashvaratia “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda diniy-ma’rifiy sohani raqamlashtirishning nazariy va amaliy mummolari. Diniy-ma’rifiy sohada zamonaviy innovatsion ta’lim texnologiyalari tadbiqi” hamda “Sohalarda axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari. Kibermakonda axborotlarning xavfsizligi va huquqiy asoslari” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.
Datareportal portalining 2025-yilning aprel oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra dunyo aholisi soni 8,21 milliardni tashkil qiladi. Ulardan 5,81 milliardi (dunyo aholisining 70,7%) mobil aloqadan foydalanadi. Internet foydalanuvchilari soni esa 5,64 milliardni (68,7%) va ijtimoiy tarmoqlarda faollar esa 5,31 milliardni (64,7%) tashkil etadi.
Dunyo aholisi bir yil davomida (2024 aprel-2025 aprel oralig‘ida) 110 millionga oshgan bo‘lsa, Internet foydalanuvchilari soni 200 milliontaga oshgan ijtimoiy tarmoqda foydalanuvchilar soni esa 240 millionga oshgan. Bundan ko‘rishimiz mumkinki, yildan yilga hayotimiz yanada raqamlashib bormoqda.
So‘z olganlar yurtimizda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tishdi. Sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, buning uchun malakali, yosh kadrlarni tayyorlashda qanday jihatlarga ahamiyat qaratish kerakligi haqida so‘z yuritildi. Axborot xavfsizligi to‘g‘risida o‘zbek tilida ilmiy, ommabop o‘quv adabiyotlar, qo‘llanmalar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Konferensiya yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilm anjumanlari soha rivoji uchun foydali bo‘lishini qayd etishdi.
Muxtasar aytganda, xalqimizda axborot xavfsizligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni shakllantirishi davr talabi ekanligi, sunʼiy intellekt tizimlaridan nafaqat foydalanish balki milliy sunʼiy intellekt tizimlarini yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlab borish zamon talab ekanligin taʼkidlab oʻtildi. Albatta, bunday ishlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston dasturchilarining salohiyati yetadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish