
Moturidiylik – mo‘tadillik mezoni
BUYUK AJDODLARIMIZ
So‘nggi yillarda diniy sohadagi islohotlar natijasida yurtimizdan yetishib chiqqan hamda dunyo ilm-fani, ma’rifati rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ko‘plab ulamolarning ilmiy merosini keng tadqiq qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Joriy yil 14-martda Prezidentimizning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi ham ma’naviy hayotimizning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Mazkur hujjat buyuk allomaning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishda katta ahamiyatga ega. Zero, qaror moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, hujjatda islom dinining yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuvlik kabi asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash, aholi orasida mo‘tadil islom g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘llari ham belgilab berilgan.
29-aprel kuni Samarqand shahrida Abu Mansur Moturidiyning 1155 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi. “Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi bu nufuzli konferensiyaga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Xalqaro anjumanda yurtimizning yuksak salohiyatga ega ilm sohiblari bilan birga, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Turkiya, Marokash, Iordaniya, Italiya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi o‘nlab davlatlardan 70 dan ziyod ko‘zga ko‘ringan olim ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjuman “Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni”, “Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini”, “XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” sho‘balari kesimida faoliyat ko‘rsatadi. Bu sho‘’balar doirasida ishtirokchilar — muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashmoqda.
Moturidiylik mazhabi Imom Abu Mansur Moturidiyning aqidaviy mavzulardagi qarashlari atrofida shakllangan va islom tarixida ahli sunna val jamoa deb tanilgan asosiy oqimlarning biri hisoblanadi.
Bu mazhabning asoslarini qo‘ygan va bosh g‘oyalarini shakllantirgan shaxs Imomi A’zam Abu Hanifa hisoblanadi. Uning qarashlari Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Abu Muti’ Balxiy, Hammad ibn Ismoil kabi shogirdlari orqali keng tarqalgan. Abu Yusuf Bag‘dodda qozi etib tayinlangandan so‘ng Xuroson va Movarounnahr hududlariga yuborilgan qozilar Abu Hanifa ta’limotlarini keng tarqatgan. Ular madrasalar ochib, hanafiy mutakallim va faqihlarni tarbiyalashga hissa qo‘shgan.
Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqand yaqinidagi Moturid mahallasida tug‘ilgan. U 944-yilda vafot etgan va Samarqandning Chokardiza qabristoniga dafn qilingan.
Imom Moturidiy ko‘plab asarlar yozgan, ammo ularning ikkitasi — “Ta’vilot al-Qur’on” (yoki “Ta’viloti ahli sunna”) tafsiri va “Kitob attavhid” kitoblari bizgacha yetib kelgan.
Moturidiy qarashlari o‘z davrida kerakli darajada qadrlanmagan bo‘lsa-da, uning shogirdlari va izdoshlari orqali mashhur bo‘lgan. Shogirdlaridan biri Hakim Samarqandiy (953 yilda vafot etgan) bo‘lib, adolatli va hikmatli hukmlari uchun “hakim” unvonini olgan. Hakim Samarqandiyning “As-savodul A’zam” asari o‘z davrida rasmiy aqida kitobi sifatida qabul qilingan va madrasalarda o‘qitilgan.
Allomaning shogirdlaridan yana biri Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy (956 yilda vafot etgan) bo‘lib, Samarqand yaqinidagi Rustufag‘n qishlog‘ida tug‘ilgan. U Imom Moturidiy qarashlarini qabul qilib, ularni tarqatgan olimlardan hisoblanadi.
Yana bir olim Abu Lays Samarqandiy (ba’zi manbalarga ko‘ra, 984-yilda vafot etgan) ham Imom Moturidiy va Abu Hanifa ta’limoti keng yoyilishini ta’minlashda muhim rol o‘ynagan. Uning “Bayon aqidat al-usul” asari ahli sunna aqidasini qisqa va tushunarli shaklda izohlab, “Fiqhul akbar” asariga sharh yozish orqali hanafiy-moturidiy qarashlarini keng tarqatgan.
Shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatgan olimlardan yana biri Abul Yusr Pazdaviydir. 1100-yilda vafot etgan olim ham o‘z asarlarida ahli sunna val jamoa tamoyillarini yoritgan.
Abu Muin Nasafiy (1115 yilda vafot etgan) ham moturidiylik mazhabi rivojiga katta hissa qo‘shgan shaxslardan biridir. U Imom Moturidiy g‘oyalarini tizimlashtirgan va uni chuqurlashtirib, moturidiylikni asosli va mustahkam harakatga aylantirgan. Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, “at-Tamhid li-qovaidi at-tavhid” va “Bahrul kalom” asarlari bu sohada muhim o‘ringa ega.
Nasafiyning shogirdlaridan biri Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy (1142 yilda vafot etgan) bo‘lib, u “Aqoid risolasi” asarida moturidiylik mazhabining aqidaviy asoslarini qisqa, ravshan va tizimli tarzda bayon qilgan. Nasafiyning boshqa bir shogirdi Alouddin Samarqandiy (1144 yilda vafot etgan) esa Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” tafsiriga sharh yozgan.
Bu olimlarning barchasi moturidiylik mazhabi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va uning izchil tarqalishini ta’minlashda katta rol o‘ynagan.
Moturidiylik mazhabi islom geografik hududining katta qismida, xususan, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Turkiyada keng tarqalgan.
Imom Moturidiy aql va naql o‘rtasida muvozanatni saqlashni ta’kidlagan mashhur olimlardan. U “Kitob at-tavhid” asarida taqlidga qarshi chiqish va diniy dalillarga asoslanishning zarurligini yozgan. Imom Moturidiy aql va naqlni dinni bilishning asosiy ikki yo‘li deb e’tirof etgan. Uning fikricha, Yaratuvchining mavjudligini bilish va diniy manbalarni anglash uchun aql zarur, ammo aql tanqidsiz vahiydan ustun bo‘lishi mumkin emas.
Buyuk ajdodimiz Alloh — tabiat va Alloh — inson munosabatlarini boshqacha talqin qilib, insonga o‘z amallarida faolroq o‘rin ajratgan. Uning fikricha, Alloh hikmat sohibi bo‘lib, har bir ishida ma’no va hikmat bor. Alloh erkin irodaga ega va u o‘zining xohlagan narsalarini amalga oshiradi.
Imom Moturidiyning kalom tizimida aql, ma’rifat va hikmat asosiy tushunchalardir. Aql — bilimni rivojlantirish vositasi, hikmat esa o‘rganish maqsadidir. Inson hikmatni izlaganida uning bilimi oshadi, bilimi oshgan sari yangi hikmatlarni kashf etadi.
U o‘z davrida aqlini ishlatmay, faqat naqlga tayanganlar bilan hamda aqlini vahiydan ustun qo‘yganlar bilan kurashgan. Ushbu masalada katta yutuqlarga erishgan va uning fikrlari hamda baholari islom dunyosining keng qismida e’tiborga sazovor bo‘lgan. Uning ilmiy yetukligi va muammolarni aql bilan hal qilish borasidagi xizmatlari islom ilm-fanida katta ahamiyat kasb etgan.
Moturidiy merosi haqiqat, ilm va aqlga tayangan dunyoqarashning yorqin timsolidir. U kabi buyuk siymolarga e’tibor qaratish orqaligina o‘zlikni anglash va yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, radikalizm va ekstremizmga qarshi ma’rifiy kurashish, islom olamida mavjud bo‘lgan turli g‘oyaviy qarama-qarshiliklarga yechim topish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ayniqsa, bugungiday inson ongini egallab boshqarishga urinishlar avj olgan davrda Imom Moturidiy kabi ulug‘ ajdodlarimiz merosiga ehtiyoj ortib boraveradi. Yangi O‘zbekistonning xalqparvar, tinchliksevar siyosati sabab bugun ana shunday buyuk shaxslar ijodi va ilmiy merosi xalqaro maydonda keng targ‘ib etilayotgani quvonarlidir.
Otabek Muhammadiyev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2025-yil 30-aprel, 87-son
Izoh qoldirish