
Akademiya Kengashi majlisi: muhim masalalar va istiqboldagi vazifalar
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.
Majlisni Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Muntazam o‘tkaziladigan mazkur Kengash yig‘ilishida ortda qolgan davr mobaynida bajarilgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar, muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinadi.
Dastlab “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi dotsenti Mo‘tabarxon Madayevaga filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi diplomi topshirildi.
Shundan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 21-aprelda imzolangan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan Akademiya zimmasidagi vazifalar xususida so‘z yuritdi.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash, Akademiyada diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bajariladigan ishlarga to‘xtalib, buning uchun “Yo‘l xaritasi”ni tuzish kerakligini qayd etdi.
Akademik litsey ijrochi direktori Feruz Rashidovning litsey iqtidorli o‘quvchilarini “Rektor stipendiyasi”ga tavsiya etish to‘g‘risidagi axborot tinglandi.
Majlisda Kengash kotibi Jaloliddin Bo‘riyev O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAKga ilmiy unvon olish uchun tavsiya etish hamda tanlov muddati tugagan pedagog-o‘qituvchilar lavozimlariga tanlov o‘tkazish to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalar xususida Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor Olim Astanakulovning hisoboti eshitildi.
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim qilish uchun tavsiya etish xususida ma’lumot berdi.
Akademiyada mavjud Kengashlar (Ilmiy, o‘quv-uslubiy Kengash, fakultet Kengashlari) faoliyati xususida: muammo va galdagi vazifalar to‘g‘risida Ilmiy, o‘quv-uslubiy Kengash raisi Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet Kengashi raislari – Ilyos Mirziyotov, Farhod Karimov va Jahongir Tohirovning hisoboti tinglandi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish