3

Akademiyada “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusida respublikasi konferensiyasi o‘tkazildi

Dinlararo bagʻrikenglik gʻoyasi turli eʼtiqodli kishilarning bir zaminda olijanob niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashini anglatadi. Yurtimizda dinlararo bag‘rikenglikka ustuvor masala sifatida qaraladi. Bosh qomusimizda ham mamlakatimizda yashayotgan barcha millat vakillari millati, tili, eʼtiqodi, ijtimoiy holatidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston xalqini tashkil qilishi va ularning huquq va manfaatlari, shuningdek, eʼtiqod erkinligi mustahkamlangan.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekistonda dinshunoslik ta’limi va ilmiy tadqiqotlar” respublika forumi doirasida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusida an’anaviy respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan 17-marotaba o‘tkazilgan mazkur konferensiya respublikamiz ta’lim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni o‘qitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad dinshunoslik, tarix, falsafa, xalqaro munosabatlar singari dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari hamda Qur’on ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, tasavvuf, islom tarixi, manbashunosligi kabi diniy ta’lim yo‘nalishlari bilan bog‘liq fanlarni rivojlantirishga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari bilan ilmiy jamoatchilikni tanishtirish, respublikamiz ta’lim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni o‘qitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2025-yilda respublika va xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan ilmiy-texnik anjumanlar rejasi to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan tashkil etilgan anjuman “Dinshunoslik” fanini o‘qitishni yanada takomillashtirish, ta’lim samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishni asosiy maqsad etib belgilagan.

Mazkur an’anaviy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, UNESСO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent islom instituti, Toshkent pravoslav seminariyasi, respublikamizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, professor-o‘qituvchi, doktorant va magistrantlari ishtirok etdilar.

Konferensiyada, shuningdek, xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti (Qozog‘iston Respublikasi) hamda Malayziya islom ilmlari universiteti mutaxassislari ham taklif etildi.

Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi Ta’lim va ilm-fan bo‘limi bosh eksperti Dilnoza Kurbanova kirish so‘zi bilan ochib berdilar. 

Tadbirda “Jamiyat barqarorligini ta’minlashda diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishning ahamiyati”, “O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimidagi yangi islohotlar”, “Din germenevtikasi: tarix va zamonaviylik”, “Zamonaviy Qozog'istonda dinshunoslik va diniy ta’lim jarayonlari”, “Naqliy va aqliy ilmlar integratsiyasi: Malayziya islom ilmlari universitetida qiyosiy dinshunoslikka yondashuv”, “Huquq tartibot organlari tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida “Dinshunoslik” fanini o‘qitishning o‘ziga xos jihatlari”, “O‘rta maxsus islom bilim yurtlarida “Dinshunoslik” fanini o‘qitishdagi yondashuvlar”, “O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosati tamoyillari”, “Dinshunoslik fanlarini o‘qitishda zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni”, “Dinshunoslik” fanini o‘qitishda milliy va innovatsion yondashuvlarga asoslangan elektron ta’lim platformasi ahamiyati” kabi mavzular keng muhokamaga sabab boʻldi.

O‘z navbatida konferensiyaga kelib tushgan dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yo‘nalishiga oid turli ilmiy maqolalar mazkur an’anaviy anjumanning XVII materiallari to‘plamidan o‘rin oldi. 

To‘plam respublikamizdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlari bo‘yicha ta’lim beruvchi professor-o‘qituvchilar, dinshunoslik sohasi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan olimlar, shuningdek, islomshunos, sharqshunos, manbashunos, tarixchi, yosh ilmiy tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari asosida yozilgan 100 ga yaqin maqolalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda diniy bag‘rikenglik, milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi, ajdodlar ilmiy merosining ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni o‘z ifodasini topgan.

Tadbir yakunida “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 2024-2025-o‘quv yili davomida dinshunoslik sohasi bo‘yicha nashr qilingan ilmiy va o‘quv adabiyotlari taqdimoti namoyish etildi. 

Qatnashchilar bildirilgan mavzular yuzasidan savol-javoblarda ishtirok etib, soha rivoji yo‘lida o‘zlarining taklif-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Izoh qoldirish