1

Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon

Markaziy Osiyo mintaqasi bir necha ming yillik ulug‘vor va boy tarixga ega. Turli davrlarda ulkan sivilizatsiyalar, kuchli davlatlar va bebaho me’moriy obidalar vujudga kelgan. Ayniqsa, olim-u fuzalolar tomonidan yaratilgan muhtasham madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan.

Bu davrlarda ajdodlarimiz tafakkuri bilan qadimgi toshyozuv va bitiklar, ming-minglab qo‘lyozmalar, turli sohalarga oid fundamental asarlar yaratilgan. Ushbu o‘lkada jahon ilm-fan taraqqiyoti rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, ilm-fanning barcha sohalari, jumladan, islomiy ilmlarda ham jahonga dong taratgan buyuk allomalar kamol topgan.

Bashariyat tamaddunining nodir sahifalari ana shunday buyuk va mo‘tabar zotlarning hayotlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, diniy an’ana va urf-odatlari, alloma va olimlar hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning merosini tadqiq etish muhim vazifa sanaladi. So‘nggi yillarda o‘tmishda yashab o‘tgan ajdodlar ilmiy merosini tadqiq etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bois, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida VI xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. 

Mazkur konferensiya O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasida yashab ijod qilgan, dunyo tamadduni rivojiga bebaho hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlarning dahosi, ilm-fanning turli yo‘nalishlaridagi izlanishlari va qomusiy bilimlarini o‘rganish hamda targ‘ib qilish maqsadida bo‘lib o‘tdi.

Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Fanlar akademiyasi Birinchi vitse-prezidenti – Bosh ilmiy kotibi Shamansur Sagdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari – Kalandar Abduraxmanov, Saidaxror G‘ulomov, Ne’matulla Ibrohimov, Qohira universiteti Sharq tillari kafedrasi professori Djalol Said Hafnaviy, Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy tabrik so‘zi bilan ochib berishdi. 

Shuningdek, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilichning tabrigini IRCICA Bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov o‘qib eshittirdi.

Tadbirga hamda IRCICA Bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Ne’matullo Muhamedov moderatorlik qildi. 

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi vakillari – doktor Alidost Ertug‘rul, Orxan Cholak, Najat Sayim Xalil, Veysel Bulut, Betul Ayaz, Yekta Zulfiqor, Istanbul universiteti Turkshunoslik instituti o‘qituvchisi Ayna Askero‘g‘lu, Indiana universiteti professori (AQSH) Akram Xabibulla, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, shuningdek, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, olimlar hamda talabalar ishtirok etdi. 

Konferensiyada “Markaziy Osiyoning madaniy o‘ziga xosligi”, “Hakim Termiziy asarlarida ilm an-nafis masalasi”, “Ubaydulloh ibn Mas’ud Sadrushsharia asarlarining islom manbashunosligidagi ahamiyati”, Movarounnahrlik muhaddisa va faqihalar faoliyati”, “Markaziy Osiyolik ayollarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi”, “Markaziy Osiyo mamlakatlarida xalq hunarmandchiligi va husnixat san’ati rivoji”, “AQSH kutubxonalarida Samarqand va Buxoro qo‘lyozmalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Anjuman davomida so‘nggi yillarda yurtimizda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. 

Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish