
O‘zbekiston va UNESCO aloqalari: hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari
Keyingi yillarda mamlakatimizning UNESCO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Tashkilot yurtimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘sini yanada oshirish va mustahkamlashda, ikki va ko‘p tomonlama hamkorliklarni kengaytirish va chuqurlashtirishda muhim platforma vazifasini o‘tab kelmoqda.
O‘zbekiston 1993-yilda UNESCOga to‘laqonli a’zo bo‘lib, 1994-yilda Milliy komissiya tashkil etildi. Shu kundan boshlab, mamlakat UNESCOning barcha asosiy yo‘nalishlari – ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohasida keng qamrovli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 5 ta obyekt UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Nomoddiy Madaniy Meros ro‘yxatiga kiritilgan 12 dan ortiq qadimiy san’at va marosimlari bor. Bundan tashqari, O‘zbekistonda UNESCO bilan bog‘liq 50 dan ortiq ta’lim muassasasi faoliyat yuritib, turli global dasturlar, jumladan, ASPnet (UNESCO Associated Schools Project Network) orqali o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.
Ma’lumki, joriy yilda Samarqand shahrida UNESCO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Ahamiyatlisi, mazkur tadbir 1985-yildan buyon ilk bor Parijdan tashqarida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasida hamkorlik aloqalari barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, mamlakatimizdagi 8 ta oliy ta’lim muassasasida UNESCO kafedralari faoliyat yuritmoqda.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekistonda dinshunoslik ta’limi va ilmiy tadqiqotlar” respublika forumi doirasida yurtimizdagi UNESCO kafedrasi ishtirokida “O‘zbekiston va UNESCO aloqalari: hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Onlayn va oflayn formatda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi Ta’lim va ilm-fan bo‘limi bosh eksperti Dilnoza Kurbanova, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Samarqand davlat arxitektura va qurilish universitetining UNESCO kafedralari vakillari ishtirok etdi.
Akademiya rektori yurtimizdagi UNESCO kafedralari bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish, hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, “O‘zbekiston – islom madaniyati beshigi” mavzusida loyihalar taqdim etish, islom ma'rifatini butun dunyoga targ'ib etish haqida so‘z yuritdi.
Nafaqat islom tamadduni, balki bashariyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlar, ma’rifatparvarlarining ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish, mamlakatimizning turizm imkoniyatlarini namoyish qilish muhimligi qayd etildi.
O‘z navbatida Dilnoza Kurbanova tomonidan samarali hamkorlik uchun Akademiyaga minnatdorlik bildirar ekan, oliy ta’lim muassasalarida UNESCO kafedrasini ochish tartibi, maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berdi. 8 ta kafedraga bitta koordinator biriktirib, ish samaradorligini oshirish ta’kidlandi.
Respublikadagi 8 ta UNESCO kafedrasi professor-o‘qituvchilari, olimlarining ilmiy jurnalini tashkil etish masalasi haqida fikr bildirildi.
Davra suhbatida kelgusidagi hamkorlik aloqalari muhokama etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish