2

Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi

Bugun Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyobonida “Milliy qadriyatlar sayli” adabiy-maʼrifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi, Alfraganus universiteti hamda Oxus universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, oliy ta’lim muassasalari vakillari, talabalar ishtirok etdi.

Turkiston jadidlik harakatining asoschisi atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali yonida tashkil etilgan tadbirda ulug‘ alloma yod etildi. 

Joriy yilda yurtimiz bo‘ylab Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda. So‘zga chiquvchilar tomonidan jadid allomalarimiz bugungi shukuhli kunlar uchun kurashganlari, ularning hurriyat va xalq ma’rifati yo‘lidagi benazir xizmatlari xotirlandi.  

Shuningdek, sayil davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari tomonidan xalq ogʻzaki ijodidan chiqishlar, adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Sayil doirasida o‘tkazilgan “Besh muhim tashabbus” festivalida stol tennisi, voleybol, shaxmat-shashka sport turlari bilan bir qatorda arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi milliy o‘yinlar ham bo‘lib o‘tdi. 

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Bilimlar estafetasi” mavzusiga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual bellashuvi qizg‘in va murosasiz ruhda kechdi. 6 ta jamoa ishtirok etgan bahsda Akademiya talabalaridan tuzilgan jamoalar 1-. 2-, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Bayram sayli ko‘tarinki kayfiyatda davom etdi.

Izoh qoldirish