9

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi – Akademiya talabalari uchun tajriba va amaliy bilimlar maydoniga aylandi

Xabaringiz bor, joriy yilning 4-9-aprel kunlari Toshkent shahri tarixiy voqealardan biriga guvoh bo‘ldi.

Poytaxtimizda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yuqori saviyada tashkil etildi. 

Jahon miqyosidagi mazkur nufuzli tadbirda 140 dan ortiq davlat parlamentlari vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etdi. 

Ushbu muhim anjumanda ishtirokchilarning samarali muloqoti va o‘zaro anglashuvini ta’minlashda, tarjimonlar jamoasining o‘rni beqiyos bo‘ldi. 

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi talabalari ham mazkur anjumanda faol ishtirok etishdi. 

Turli tillarni mukammal o‘zlashtirgan, lingvistika va tarjimonlik sohasida chuqur bilimga ega bo‘lgan yoshlar o‘z vazifalarini yuksak saviyada bajarishdi. Ular rus, ingliz, arab, fransuz va boshqa qator xalqaro tillarda sinxron va izohli tarjimalarni amalga oshirdilar. 

Akademiya talabalarining ushbu nufuzli anjumandagi ishtiroki nafaqat ularning bilim va ko‘nikmalarini amalda sinovdan o‘tkazish imkonini berdi, balki ularning xalqaro miqyosdagi ish tajribasini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Tadbir qatnashchilari tomonidan talabalarning professional faoliyati yuksak baholandi. 

Assambleya doirasida talabalar nafaqat tarjimonlik vazifasini bajarishdi, balki xalqaro delegatsiyalar bilan muloqot qilish, diplomatik etiket, turli madaniyat va an’analarni o‘rganishda ham faol bo‘lishdi. Bu esa ularning kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun muhim tajriba bo‘lib xizmat qiladi. 

Shunday qilib, Akademiya talabalari Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida faol ishtirok etib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga o‘z munosib hissalarini qo‘shdilar.

Izoh qoldirish