6

Amir Temur davri bunyodkorlik ishlarida diniy bag‘rikenglik masalalari

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Amir Temur faoliyati davomida ko‘plab harbiy yurishlarda ishtirok etishi bilan bir qatorda Movarounnahr va Xurosonda bunyodkorlik ishlarida sezilarli darajada o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan. Amir Temur nafaqat mohir sarkarda, balki ilm-u fan, madaniyat va san’at homiysidir.

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi beqiyos ishlarini Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Toshkent va Turkiston shaharlarida hozirgacha saqlanib qolgan noyob va nodir obidalar misolida ko‘rishimiz mumkin.

U qadimiy shahar hisoblangan Samarqandni dunyoga tanitish uchun yangidan yangi qurilishlar, qayta tiklash va bunyodkorlik ishlariga ko’rsatmalar bergan hamda bu haqda hamisha qayg‘urgan. Xoja Samandar Termiziy (1638-1740) “Dastur ul-muluk” asarida Amir Temurning xalq xizmati uchun qilingan bunyodkorlik ishlari e’tirofini shunday ta’riflaydi: “Amir Temur saltanat to‘nini kiygach, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asarida ta’riflaganidek, Xurmuz va Xusravdek, g‘aflat uyqusini tark etganligi, mamlakat ahvoli hamda xalq farovonligi uchun zarur bo‘lgan narsalarni bunyod etish yo‘lida say-harakat uchun huzur-halovatdan voz kechgan”

“Sohibqironning Keshda qurdirayotgan binolarini kuzatgan Klavixoning yozishicha, – ta’kidlaydi L.Kayun – ularni ko‘rib butun dunyo, hatto Parijdagi eng mohir san’atkorlar ham lol qolardi. Xossatan, Amir Temur har bir muvaffaqiyatli zafari va sevinchli voqeani bir me’morlik asarini bunyod etish bilan nishonlash odatini yo’lga qo‘yadi. Shu maqsadda Hindistonning yuzlarcha mohir g‘isht teruvchilarini, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur ustalarini Movarounnahrga olib keladi hamda Samarqandning dunyo olamida ahamiyatini yanada oshirish maqsadida ularning atrofida Bag‘dod, Damashq, Misr, Sultaniya va Sheroz nomli qishloqlar qurdiradi”. 

Umumiy ma’noda Amir Temur va uning davomchilari bo‘lmish Temuriylar o‘z davrida katta qurilish ishlarini olib borganlar. Ular poytaxt va shaharlarda hunarmandlar-u naqqoshlar hamda musavvirlar asarlari bilan bezatilgan madrasalar, masjidlar, maqbaralar, qasrlar, saroy va chorbog’lar, hammomlar bunyod ettirishgan. Samarqandda Amir Temur tomonidan solingan bog‘lar shunday maskan ediki, Eram gulistoni rashk qilar darajaga keltirib qo’yilgandi. Amir Temur nafaqat Movarounnahr hududida, balki nazorati ostidagi boshqa mamlakat va shaharlarda ham yangidan yangi maskanlar va inshootlar bunyod ettirgan. Bu haqida Nizommid Shomiyning “Zafarnoma”sida shunday bayon qilinadi: “Amir Sohibqironning oliy himmati jahon ahli ahvolining osoyishtaligiga qaratilganligi va shunga sarflanayotganligi tufayli Ravshan qalbi oynasida shu narsa yuz ko‘rsatdiki, “Turon mamlakatida mashhur mavzelarni imorat qilganimiz kabi Eron mamlakatida ham biz hazratdan yodgorlik qolgay”. 

Binobarin, Baylaqon yerida bir mavzeda shahar bino qilishga oliy ishorat sodir bo‘lgay. Bir shahar tarixini chizdilar: u keng bir devor, chuqur bir xandaq, to‘rt burchak shaklida bozor, ko’p uy-joylar, hammom, saroy, maydon va chamanzorlardan iborat edi. Shunday quruq bir sahroda tayyorgarlik ko’rmasdan, yolg’iz oliy iltifot bilan shu qadar oliy bir imorat va shahristonni barpo etish bir oy muddatda tamomiga yetdi”. Shu bilan birga “Matlai sa’dayn”da keltirilgan Hirotdagi madaniy qurilishlarga doir ma’lumotlar bu shaharning XV asr birinchi choragidan boshlab Samarqand bilan bir qatorda Temuriylar davlatidagi madaniyat markazlaridan biriga aylanganligini ko‘rsatadi.

Amir Temur davrida Samarqand o’zining qiyofasini qaytadan namoyish etadi. Taniqli akademik V.Bartold ta’kidlaganidek, “Musulmon me’morchiligining eng yaxshi davri Amir Temur va uning avlodlari nomi bilan bog‘liqdir”. Shungacha mo‘g‘illar va boshqa sulola vakillari hukmronlik qilgan paytda yuz bermagan yangi ko’rinishga keladi. Bu tarixiy fakt Sharafiddin Aliy Yazdiyning asarida ham, Ispaniya – Kastiliyadan kelgan mashhur elchi Rui Gonsales de Klavixoning esdalik kundaliklarida ham ifoda etilgan. Ushbu ma’lumotlardan ko’rinadiki, Amir Temur shahar qurilish ishlarini bevosita o’zi kuzatib borgan. 

Amir Temur muqaddas oy hisoblangan ramazon oyi, 1399-yil, 10-mayda Samarqandda arkonlari va asoslari toshdan bo’lgan, umr yo‘ldoshi Saroy Mulk xonimga (Bibixonim) atab bunyod qilinayotgan masjidni shaxsan o‘zi nazoratiga olib, mushtashamligidan bahra olgan. Bibixonim masjidi (1399-1404) haqida L.Keren “Amir Temur saltanati” asarida shunday yozadi: “Odatdagidek, Samarqandga qaytish (Hindistondan) katta tantanaga aylandi. Binolarning peshtoqlari va ko’chalarga nodir gilamlar tashlab qo’yilgan, maydonlarda gullardan zafar darvozalari tiklangan edi. Temur rafiqasi Tuman og‘aga qurgan shifoxonasi uchun minnatdorchilik izhor qildi va o’zi ham Dehli masjidi bilan raqobatlasha oladigan jome masjidi bunyod etajagini e’lon qildi. Ertasigayoq, ishlar boshlab yuborildi. Bu amir barpo etgan eng yirik inshoot va dunyodagi eng katta masjidlardan biri edi: uni saltanatning turli viloyatlaridan keltirilgan o’nlab eng yaxshi me’morlar, muhandislar, naqqoshlar va g’isht teruvchilar amirzodalar radbarligida 4 yil ichida qurib bitkazdilar. Binoning ichkarisiga kiriladigan monumental portalga tilla suvi yuritilgan bronza darvoza o’rnatilgan. Eng katta markaziy zalning poydevor qurilishida Hindistondan keltirilgan fillar ham ishlatilgan bo’lib, ular besh yuz sangtarosh tog’ yon bag’irlaridan kesib olgan og’ir toshlarni qurilishga yetkazib turishgan”. 

Amir Temur tomonidan bunyod qilingan ushbu jome masjid Bibixonim deb atalishi XVIII-XIX asrlardan boshlangan. Rui Gonsales de Klavixoning kundaligida shunday deyiladi: “...30-oktabr elchilar shaharni ziyorat qilish, muqaddas joylarni, cherkovni ziyorat qilish va boshqa diqqatga sazovor joylarni ko‘rish istagini imperatorga (Amir Temur) ma’lum qildilar. Amir Temur ular istagan barcha joylarni ko‘rsatishni buyurdi”. 

Fransuz tarixchisi Jan Pol Ru (1925-2009) o‘z asarida Amir Temur Mordindagi sharqiy xristianlarning muqaddas qadamjolari sanaladigan avliyo Iona va avliyo Sergey qabrlarining tashlandiq ekanligi hamda bir paytlar ularning yonida qurilgan cherkovning vayrona ahvolda ekanligini ko‘rgach, ushbu maskanni obod qilish uchun o‘z hisobidan mablag‘ ajratib, vayrona va tashlandiq bo‘lib qolgan cherkovni qayta tiklashga buyruq berganligiga alohida urg‘u beradi.

Samarqand shahridagi ulug’vor binolar L.Kerenni butunlay o’ziga maftun etib, uning qalbida ularni bunyod ettirgan buyuk inson Amir Temurga nisbatan cheksiz mehr, chuqur hurmat uyg’ongan. Shuni alohida eslatib o‘tish zarurki, Amir Temur tufayli, XIV asrning oxirlarida Samarqand Sharqning eng go'zal, farovon va aholi zich joylaridan biriga aylandi. Haqiqatan, Samarqand Amir Temur davrida misli ko’rilmagan go‘zallikka burkanadi.

Jasurbek Abduqodirov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi

Izoh qoldirish