
Ramazon hayiti TABRIGI
Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar!
Aziz talaba-yoshlar!
Eng avvalo, barchangizni insonparvarlik, mehr-oqibat, xayr-u saxovat va bag‘rikenglik ayyomi – Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
El-yurtimiz uchun sabr-qanoat, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, shukronalik timsoli bo‘lgan ulug‘ bayram kunlarida Siz, azizlarga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ramazon oyi o‘zaro birdamlik, mehribonlik ko‘rsatiladigan, insonlar bir-birlari haqida qayg‘urib, xato-kamchiliklari kechiriladigan oy.
Xabaringiz bor, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 27-fevral sanasida “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Qarorga ko‘ra, masjidlarimizda xatmi Qur’onlar o‘tkazildi, tarovih namozlari yuqori shukuhda tashkil etildi. Joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni e’zozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, azaliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ko‘ksaroy” qarorgohida o‘tkazilgan iftorlik marosimidagi nutqlaridan quyidagi fikrlarni keltirish joiz:
“Sizlarga ma’lumki, so‘nggi yillarda milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Bu borada “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya bizning faoliyat dasturimizga aylanmoqda. Shu asosda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda”.
Chindan ham inson qadri ulug‘langan, tinchlik, xotirjamlik hukm suradigan yurtimizda Ramazon shukuhi har yilgidan-da o‘zgacha kechdi.
Bugungi shiddatli davrdagi ayrim ixtiloflar, milliy, diniy, etnik nizolar, taraqqiyotga nisbatan tahdidlar xalqimizni doimo hushor va ogoh bo‘lib, o‘sib kelayotgan yosh avlodning zamonaviy ilm-fan hamda kasb-hunarlarni egallashiga, ma’rifatli, mehr-oqibatli, barkamol bo‘lib voyaga yetishiga ustuvor ahamiyat qaratishimizni talab qilmoqda.
Prezidentimiz doimo bu masalaga alohida to‘xtalib, ertamiz egalarining qalbi va ongini zaharlashga, hayotini izidan chiqarishga qaratilgan ko‘plab tahdidlar e’tiborimiz markazida turishi kerakligini qayta-qayta ta’kidlaydilar. Shak-shubha yo‘qki, farzandlarimizni ilm-ma’rifatga targ‘ib etish, yot g‘oyalar ta’siridan saqlash eng ustuvor vazifamiz bo‘lishi kerak.
Yurtimizning “Jaholatga qarshi – ma’rifat” degan tamoyil asosida jahon miqyosida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, vijdon erkinligi va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash, islom dinining insonparvarlik mohiyatini xalqimiz va dunyo ahliga yetkazish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida e’tirofga molik.
Mamlakatimiz osoyishtaligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi barcha xayrli ishlarimizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Alloh taoloning marhamati yog‘iladigan ushbu barokatli va nurafshon kunda sizlarni yana bir bor aziz-u mukarram Iyd ul-Fitr bilan chin dildan tabriklayman.
Muzaffar Komilov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Izoh qoldirish