
Ilm-ma’rifat va yoshlar kamolotiga baxshida umr
Inson maʼnaviy kamoloti, ikki dunyo saodatiga ustoz va murabbiylarning ta’lim va tarbiyasi bilan erishadi. Dunyoda shunday kasblar borki, rohatidan mehnati, muvaffaqiyatidan zahmati koʻp. Ustoz-u murabbiylarning fidoyi mehnatini ham shunga qiyoslash mumkin. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz taʼbiri bilan aytganda, dunyoning jamiki boyligi va xazinasi bilan ham ularning olijanob mehnati haqini ado etib boʻlmaydi.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida atoqli olim, jonkuyar ustoz, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Ahadjon Hasanov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Ahadjon Hasanovning kursdoshi Eleonora Babayeva, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.
Marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov soʻzga chiqib, taniqli olimning ibratli umri, ilmiy faoliyati yoshlarga o‘rnakligi, ustoz Ahadjon Hasanov yurt rivojiga hissa qo‘shayotgan ko‘plab mutaxassislarning ustozi ekanini e’tirof etdi. Akademiya jamoasi nomidan ustozga zarbof to‘n kiydirib, esdalik sovg‘asini taqdim qildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar jonkuyar ustozning diniy-maʼrifiy sohadagi ilmiy faoliyatini alohida eʼtirof etishdi.
Darhaqiqat, islom tarixi, manbashunosligi, ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, buyuk o‘tmishimizning shonli davrlarini turli manbalar, qo'lyozma asarlar asosida xolis tadqiq etishda professor Ahadjon Hasanovning xizmatlari beqiyosdir.
Ustoz ilmiy, pedagogik faoliyat bilan birga, mamlakatimizda diniy-ma'rifiy soha rivojiga munosib hissa qo'shgan olimlardan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti (hozirda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi)da pedagog-ustoz va rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bordi.
Ustoz vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. 2011-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Tarix fanlari doktori Ahadjon Hasanov ko‘p yillik mehnati natijasida 1975-yilda “Misr mamluklarining ijtimoiy-siyosiy tizimi” mavzusida nomzodlik, 1994-yilda “Qadimiy Arabiston tarixi va uni o‘rganish muammolari" mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi.
Igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli mehnat natijasida 20 dan ortiq ilmiy monografiya, risola, darslik va o‘quv qo‘llanmalari, 200 ga yaqin maqolalar yozdi.
Olim “Makka va Madina tarixi”, “Qadimgi Arabiston”, “Qadimgi Arabiston va ilk islom”, “Ilk islom jamiyati: diniylikdan dunyoviylikka o'tish”, “Islom tarixi” va boshqa ko‘plab ilmiy kitoblar, darslik, qo‘llanma, monografiyalar muallifidir.
Tadbir yakunida ustoz Ahadjon Hasanov yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirdi.
Fursatdan foydalanib, Akademiya rahbariyati va jamoasi nomidan barchamizning sevimli ustozimiz Ahadjon Hasanovni yana bir bor tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga mustahkam sogʻlik, uzoq umr, koʻtarinki kayfiyat, oilaviy farovonlik va ish faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Izoh qoldirish