3

Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!

Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, ona tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘z eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.

Mazkur qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayr-u saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun kasb etib borayotganini alohida ta’kidlash lozim. Yurtimizda inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos yuksak ma’naviy tayanchdir.

Ayniqsa, bugun, dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

Shu munosabat bilan joriy yilning 21-fevral sanasida “2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Ayyom munosabati bilan yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillari, qalbi orzu maqsadlarga limmo-lim yoshlar, har so‘zida hikmat, yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniylar bayram tantanalarida ishtirok etdi.

Tantanalar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostidagi bayram sayli bilan davom etdi. 

Shodiyonada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirda Akademiya rektori Muzaffar Komilov ayyom bilan barchani muborakbod etdi. Akademiya rektori o‘z tabrigida barchani yana bir bor uyg‘onish va yangilanish ayyomi Navro‘z bilan tabriklab, bu bayram bu yil muborak Ramazon oyi bilan qo‘shaloq tarzda nishonlanayotgani, Navro‘z qut-baraka elchisi ekani, o‘zining barhayotligi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

Marosim davomida yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarni aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, she’riy-musiqiy chiqishlar namoyish qilindi. 

Akademiya talabalari tomonidan “Yorim do‘qi-do‘qi”, “Kelin salom”, “Go‘zal Toshkent”, “Yallala bobo” kabi qo‘shiqlar ijro etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda xalq o‘yinlari (kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish) o‘yinlari tashkil etildi. Bahoriy taomlar, kitoblar savdo yarmarkasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasining Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda samarali ish faoliyati, o‘zining ilmiy, o‘quv-uslubiy yo‘nalishda erishgan yutuqlari hamda “Navro‘z umumxalq bayrami” munosabati bilan Akademiyaning bir guruh o‘qituvchi-xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.

Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shayxontohur tuman bo‘linmasi tomonidan yoshlarni vatanparvarlik, yurt kelajagiga daxldorlik ruhida voyaga yetishlari, vatan farovonligi va osoyishtaligiga hissasini qo‘shadigan avlod qilib tarbiyalashda alohida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh o‘qituvchi-xodimlar ham tashakkurnoma bilan taqdirlandi. 

Milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Akademiya talabalari tomonidan Navro‘z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o‘ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko‘rinishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish