
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining 21-mart – “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum hurmatli hamkasblar!
Aziz talaba-yoshlar!
Sharqona yangi yil debochasi, ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda.
Ayniqsa, joriy yilgi bayram sayillari muborak Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani, qo‘shaloq bayram tarzida nishonlanayotgani ham barchamizga o‘zgacha ishtiyoq va kayfiyat berib turibdi.
Fursatdan foydalanib, Navro‘z umumxalq bayrami bilan Akademiyamizning ahil jamoasi, talaba-yoshlarni chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Azizlar!
Ma’lumki, Navro‘z ayyomi insoniyat sivilizatsiyasi tarixining ilk davrlariga borib tutashadi. Bahor tengkunligi qadim Mesopotamiyadagi astronomik tadqiqotlarga asoslangan. Keyinchalik musulmon olimlari ham Navro‘z kuniga oid ilmiy izlanishlar olib borishgan. Abu Rayhon Beruniy, Umar Hayyom, Mahmud Qoshg‘ariy kabi allomalarning ilmiy-ma’naviy merosida ham Navro‘z bilan bog‘liq noyob fikrlar bildirilgan.
Xususan, ulug‘ mutafakkir bobomiz hazrat Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida Navro‘z bayrami haqida shunday satrlar bitgan:
Ki bu sur erur olam afro‘z ham,
Xususan erur fasli Navro‘z ham...
Darhaqiqat, Navro‘z oddiy bayram emas, balki xalqimiz tasavvurlari, qadriyatlari, falsafasi va tarixini o‘zida mujassam etgan qadim qadriyatdir. Navro‘z – bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’i nazar O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom.
Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Navro‘z bayramining ham qadim shukuhi yanada rivoj topdi. Bu borada joriy yilning 21- fevral kuni davlatimiz rahbarining “2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bayram tantanalari mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanmoqda.
Prezident qarorida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar Navro‘zning insonparvarlik va inklyuzivlik mohiyatiga, azaliy qadriyat va an’analariga hamohang ekani alohida qayd etilgan.
Ayniqsa, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da nishonlanadigan bu yilgi Navro‘z shodiyonalari yangicha ruh va mazmun kasb etmoqda. Texnik taraqqiyot sabab insoniyat atrof-muhitga ayovsiz munosabatda bo‘ldi va bo‘lmoqda. Dunyoda kechayotgan global isish, chuchuv suv zaxiralarining kamayishi, qazilma boyliklaridan samarasiz foydalanish, qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar esa Ona tabiatga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimizga undashi zarur. Davlatimiz rahbari buni jahon minbarlaridan turib, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lishni bir necha bor ta’kidlaganlari bejiz emas. Shu o‘rinda Prezidentimizning Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabriklaridagi quyidagi jumlani keltirishni joiz topdim: “Navro‘zning betakror go‘zalligi, insonparvarlik ruhi va teran falsafasi globallashuv davrida ham butun bashariyatni hayratga solayotgani uning azaliy mohiyati va hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi. Ayniqsa, insonning tabiat va borliq bilan uyg‘unligi, yaratuvchanlik ishtiyoqi, g‘ayrat va shijoati, o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat va saxovat kabi olijanob fazilatlari Navro‘z timsolida yanada yorqin namoyon bo‘ladi”.
Bahor fasli yangilanish, yasharish davridir. Borliq uyg‘onadi, atrof yashillikka burkanadi. Ko‘nglimiz bahordek yangilanib, yangi kunga, ertangi kunga ishonchimiz ortadi. Navro‘z shodiyonasi esa barchamizni o‘yin-kulgiga chorlab, tinchlik-xotirjamlikni qadriga yetishga undaydi.
Darhaqiqat, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida e’tirof etilgan Navro‘zi olamning ko‘p millatli yurtimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, birdamlik ruhini mustahkamlashdagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari keng namoyish etilgan holda o‘ziga xos o‘tkazayotganida ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yasharish va yangilanish, yaxshilik va bag‘rikenglik, tabiatni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash kabi umrboqiy g‘oyalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi va ma’no-mazmuniga g‘oyat hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z xotirjamlik, ezgulik va tinchlik, baxtli hayot hamda farovonlik kirib kelishi ramzidir. Atoqli shoirimiz Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda, “Demak, Bahor keldi, Kelmoqda Navro‘z”.
Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
Navro‘z o‘zining uyg‘onish, yasharish va yangilanish borasidagi udum va an’analari bilan doimo yoshlikni, navqironlikni, hayot go‘zalligi va jo‘shqinligini ulug‘lab keladi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham bu yil ulug‘ ayyomimizni “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida bayram sayli sifatida keng nishonlanayotgani barchamizning qalbimizga yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor Navro‘zi olam bilan qutlab, sizlarga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, uzoq umr, ezgu niyatlar ijobatini tilayman!
Navro‘z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, mehru oqibat, qut-baraka olib kelsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
Muzaffar Komilov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Izoh qoldirish