11

Akademiya Kengashida ustozlarga ehtirom ko‘rsatildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi majlislar zalida Akademiya Kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya rahbariyati va jamoasi, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov olib borar ekan, kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan so‘z yuritib, Akademiyaning mas’uliyatli lavozimlariga munosib nomzodlarni tayinlash haqida tegishli buyruq qabul qilinganini bildirdi.

Xususan, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Mirziyotov Ilyos Mirg‘iyosovich Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. 

Akademiya rektori o‘z so‘zida Mirziyotov Ilyos Mirg‘iyosovichga samimiy tashakkur izhor etib, talaba-yoshlarni har jihatdan bilimli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol topishida hissasi katta bo‘lgani, u kishining yoshlar bilan ishlashdagi jonbozligi, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi xizmatlarini yuqori e’tirof etib, minnatdorlik ramzi sifatida zarbof to‘n kiygizildi. 

Shuningdek, uzoq yillar davomida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor vazifasida samarali mehnat qilib kelgan, Akademiyaning milliy reyting tizimlarida yuqori o‘rinlarni egallashiga salmoqli hissa qo‘shgan, ustoz Islomov Zohidjon Mahmudovich ham “Arab tili va adabiyoti al-Azharkafedrasi mudirligiga ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani haqidagi buyruq o‘qib eshittirildi.

Akademiya rektori ko‘p yillik samarali mehnati, fidoyi ustoz sifatida yoshlarga o‘rnak bo‘lgan Islomov Zohidjon Mahmudovichga samimiy minnatdorlik bildirdi. Kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani lavozimida ishlab kelgan Chiniyeva Sayyora Abdumuminovna ham boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilib, uning bugungi kunga qadar fakultetni har tomonlama rivojlantirish, salohiyatli kadrlarni tarbiyalashdagi mehnatlari uchun minnatdorlik bildirildi.

Izoh qoldirish