3

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI

Qadrli hamkasblar! 

Munis opa-singillar, aziz talaba-qizlarim! 

Avvalo, barchangizni, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi nomidan go‘zallik va nafosat ayyomi 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizga o‘zimning eng samimiy tilaklarimni bildiraman. Hamisha oila a’zolaringiz, yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘ling! 

Ayol, eng avvalo, mo‘tabar onamiz, qadrli buvijonlarimiz, munis opa-singillarimiz, jondan aziz qizlarimizdir. Ularga qancha mehr bersak, shuncha kam. Bizni dunyoga keltirgan, mehr va tarbiya berib, voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, mo‘’tabar ayol zotiga doimo hurmatdamiz. Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, azizu mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanishi zarur. Ayolni, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda jamiyatda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. 

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimizning tabriklari barchamizni quvontiradi. Xususan, davlatimiz rahbarining bayram tabrigidagi nutqlarida “Bugun biz mard va olijanob xalqimizga, uning bunyodkorlik salohiyatiga ishonib, boshlagan ulkan islohotlarimizni qat’iy davom ettirishimiz, yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim. Jonajon Vatanimizning yangi yuksalish davrini barpo etishda aziz ayollarimiz doimo oldingi safda bo‘ladilar, deb ishonaman”, degan so‘zlari bejiz emas.

Darhaqiqat, ayolni e’zozlagan millat yuksalishi shubhasiz. Muqaddas islom dinida ham shu kabi xayrli amallarga buyurilgan. Alloh taolo tomonidan Qur’oni karimda “Niso” (Ayollar) nomi bilan alohida sura nozil qilingani, hadisi shariflarda ham xotin-qizlarni e’zozlash haqida qayta-qayta ta’kidlangani bejiz emas. Xususan, Abu Iso Muhammad Termiziydan rivoyat qilingan hadisda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishining uchta qizi yoki singlisi bo‘lsa yoxud ikkita qizi va singlisi bo‘lsa, ular borasida Allohdan qo‘rqib, yaxshilik qilsa, albatta, u jannatga kiradi”, dedilar”. 

O‘ylab ko‘rsak, qizlar yoki singillarni tarbiya qilish va ularni voyaga yetkazish juda nozik, mashaqqatli va alohida diqqat-e’tiborni va nazokatni talab qiladigan ishdir. Qizlarni odob-axloqli, hayoli, iboli, mehnatsevar qilib voyaga yetkazish juda katta maqom sanaladi. 

 Hazrat Alisher Navoiy ham “Jannat bog‘idan bahramandlik istar ekansan, avvalo, munis onani rozi aylagin”, degan so‘zlari ham ul zot tomonidan berilgan yuksak bahodir. 

Azizlar! 

Yurtimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishni ta’minlash borasida ham mutlaqo yangi yo‘nalishlar asosida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Bu jabhada yurtimiz dunyoning manaman degan davlatlariga ham namuna bo‘lmoqda. 

Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida qizlarning ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Talaba-qizlarni ma’naviy barkamol, g‘oyaviy kurashchan, millat va davlatning barqarorligi hamda taraqqiyoti yo‘lida o‘z kuchini ayamaydigan, milliy qadriyatlarni ulug‘lab, ma’naviy tahdidlarga qarshi tura oladigan insonlar qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Mamlakatning taraqqiy topishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatdagi yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tiborga chambarchas bog‘liqdir. Bu borada ularga zarur sharoitlar, imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z iste’dod va salohiyatlarini namoyon etayotgan yoshlar safi talaygina.

Jumladan, yaqinda bir guruh yoshlar 2024/2025-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib ko‘rildi. Ularning orasida 4 nafar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi ham borligi bizni benihoya quvontiradi. 

Ahamiyatlisi, ularning barchasi oqila qizlarimizdir. Xususan, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi Muslima Rahmonova, “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ma’mura Omonova, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi)” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Husniyabonu Hazratqulova 2024/2025-o‘quv yili uchun Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Muslima Abdumalikova esa Islom Karimov nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. 

Shuningdek, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 2-kurs talabalari Gulnora Raimberdiyeva hamda Zulfiya Ermatova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantining joriy yilgi sovrindorlari cafidan joy oldilar. 

Akademiya magistranti Husniyabonu Jonibekova esa o‘tgan yili Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibiga aylandi. 

Kuni kecha akademiyamizning talaba qizlaridan iborat “Neo To‘maris” jamoasi “Yangi O‘zbekiston To‘marislari” tanlovida g‘olib bo‘lib, “Eng ijodkor jamoa” nominatsiyasida e’tirof etildi. 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi nomidan barcha taqdirlanganlarni yutuqlari bilan tabriklayman. Oqila, har ishda tengdoshlariga o‘rnak qizlarimizning bunday muvaffaqqiyatlari bardavom bo‘lishini tilab qolaman. 

Muhtarama opa-singillar, aziz talaba-qizlarim! 

So‘zim yakunida Sizlarni yana bir bor 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklab, barchangizga uzoq umr, mustahkam sog‘liq tilab qolaman. Bahor kayfiyati siz, azizlarga, doimo hamroh bo‘lsin! 

E’tiboringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish