6

Xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rni

Ma’lumki, bir necha ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga nisbatan bo‘lgan munosabat bilan belgilangan. Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos xususiyat hisoblanadi.

Hadisi shariflarda “Jannat onalar oyog‘i ostidadur”, “Avval onangizga, yana onangizga va yana onangizga, so‘ngra otangizga yaxshilik qiling”, degan so‘zlarida ham ana shu cheksiz ehtirom namoyon bo‘lib kelgan. Shu asnoda mustaqil O‘zbekistonimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sharqda azaldan xotin-qizlar va ularning sha’ni muqaddas sanalib, ularga nisbatan alohida hurmat va e’tibor berib kelingan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, jamiyatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ma’lumki, ayollarga nisbatan o‘tgan davrlar davomida davom etib kelayotgan turg‘un bo‘lib kelgan munosabatlar hozirgi kunga kelib, ozod va erkin jamiyatda yangi mazmun va ma’no kashf etmoqda.

Bilamizki, ayollarning jamiyatdagi holatiga munosabat turli davrlarda davlat siyosatiga qarab o‘zgarib kelgan. Zero, xotin-qizlar har qanday jamiyatda ham oilaning asosini tashkil etgan. “Ayollar bir qo‘llari bilan beshik tebratsalar, bir qo‘llari bilan dunyoni tebratadi”, degan gap bejiz emas. Shu bois, masalaga chuqurroq yondoshadigan bo‘lsak, har bir jamiyatning taraqqiyoti, adolatparvarligi va insonparvarligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. 

Tarixga nazar tashlaylik. Ayollarga munosabat ular huquqlarining tarixiy ildizlari qayerga borib taqaladi. Ayol siyosatchi, davlat arbobi, shoira, olim, jamiyatga eng zarur inson. Ko‘rib turibmizki, agar biz ko‘xna tariximiz sahifalarini varaqlab chiqsak ayollarning jamiyatda tutgan o‘rnini yaqqol ko‘ramiz. Xatto Buyuk temuriylar saltanatida Amir Temurning suyukli rafiqasi Bibixonim mamlakat ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutgan ayol hisoblangan.

O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishi munosabati bilan ijtimoiy hayotning barcha sohalarida demokratlashtirish jarayonida tub o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Bu o‘zgarishlarning markazida inson turibdi, uning huquqlari va erkinliklari muhofazasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ayniqsa, ayollarning huquqlarini himoya qilish muammosiga davlat alohida e’tibor bilan qaramoqda. Ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy, sosial-iqtisodiy va madaniy hayotida to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlar hamda yoshlarning ma’naviy va intellektual saviyasini yuksaltirish borasida talaygina ishlar olib borilmokda. 

Xotin-qizlarning mehnat va turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, oilani mustahkamlash, yosh avlodni ijtimoiy muammolariga e’tiborni yanada kuchaytirish, ayollarning ijtimoiy hayotda faol qatnashishilari uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi vazifalarni og‘ishmay amalga oshirish endilikda har qachongidan ham muhim va dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qoldi. 

Davlatimiz rahbarining har bir nutqlarida qo‘yilgan umumdavlat, umumxalq ahamiyatga molik muammolar va vazifalar ichida eng asosiy mavzu bu ayollarning oilada, davlat va jamiyat qurilishida huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgandir. Xotin-qizlar Konstitutsiya bilan berilgan huquqdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyatni boshqarishda ishtirok etishda salmoqli o‘rinni egallab kelyapti. Bugungi kunda ayollar tashkilot, korxona va muassasalarning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat bo‘lishini hammamiz, orzu qilamiz va butun mehnatimiz, o‘y va intilishlarimiz shunga qaratilgan. Shu buyuk kelajak sari qadam qo‘yar ekanmiz, hech bir ikkilanmasdan aytishimiz mumkinki, buyuk kelajakni buyuk insonlar yaratadi, buyuk insonlarni esa faqat buyuk ayollargina dunyoga keltirib, o‘stirib, tarbiyalashi mumkin. Bu o‘rinda ayollarimiz sog‘lom, o‘qimishli va oqila bo‘lishlari, qolaversa, ularning ma’naviy, huquqiy bilim darajalari, o‘z burch va majburiyatlarini qay darajada his etishlari katta o‘rin tutadi.

Feruza Nizamova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish