9

O‘zbekistonda dunyoviylik va vijdon erkinligining o‘zaro uyg‘unligi

Dunyoviylik va vijdon erkinligi har qanday demokratik jamiyatning ajralmas tamoyillari hisoblanadi. Dunyoviylik davlat va dinning bir-biridan ajratilganini anglatadi. Davlat diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashmaydi va biror-bir dinga yoki diniy qarashlarga ustunlik bermaydi. Vijdon erkinligi esa har bir shaxsning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ifodalaydi. O‘zbekistonda dunyoviylik va vijdon erkinligi konstitutsiyaviy tarzda kafolatlangan.

O‘zbekistonda dunyoviylik va vijdon erkinligining tarixiy ildizlari chuqur o‘tmishga borib taqaladi. Turli dinlar va e’tiqodlar vakillari O‘zbekiston zaminida asrlar davomida tinch-totuv yashab kelgan. Bu an’analar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangani, har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda fuqarolarning diniy e’tiqodlarini amalga oshirish tartibi va shartlari belgilab berilgan.

Joriy yilning 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonunga ilova qilingan konsepsiyada fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlash kabi bir qator vazifalar belgilab qo‘yilgan. 

Dunyoviy davlatda vijdon erkinligining kafolatlanishi dunyoviylikning asosiy tamoyillaridan biridir. Dunyoviy davlat barcha fuqarolarga diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlaydi. Hech kim o‘z diniy qarashlari uchun ta’qibga uchramaydi va kamsitilmaydi. Davlat diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashmaydi va ularning mustaqilligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligi konstitutsiyaviy himoya ostida. Davlat har bir shaxsning diniy e’tiqodini hurmat qiladi va uni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

Mazkur konsepsiyada dunyoviy davlat va vijdon erkinligining o‘zaro munosabatiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, konsepsiyaning “Dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uyg‘unligini ta’minlash” deb nomlangan 5-bobida dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uyg‘unligining asosiy shartlari sifatida fuqarolarning shaxsiy hayotida xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqi, fuqarolarning diniy jamoalarda o‘z diniy qarashlarini ifodalash va ibodatlarni amalga oshirish huquqi, din va dinsizlik bilan bog‘liq aqidalarni qonunga xilof ravishda tarqatishni taqiqlash, diniy belgilarga ko‘ra siyosiy partiyalarni tashkil etishni taqiqlash kabilar belgilab qo‘yildi.

Vijdon erkinligining dunyoviy qadriyatlar bilan uyg‘unligi jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun muhim omil hisoblanadi. Dunyoviy qadriyatlar, jumladan, inson huquqlari, tenglik, adolat va erkinlik kabi tushunchalar vijdon erkinligining asosini tashkil etadi. O‘z navbatida, vijdon erkinligi dunyoviy qadriyatlarning amalga oshirilishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonda vijdon erkinligining dunyoviy qadriyatlar bilan uyg‘unligi Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Konsepsiyada dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar ham muhim o‘rin tutishi ta’kidlanadi. Jumladan, “Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishiga hamda ularning avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda”, deyilgan.

Bugun O‘zbekistonda dunyoviylik, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash muhim jihatlardan biri. Sababi, u barcha dinlarga va e’tiqodlarga nisbatan betaraf pozitsiyani egallaydi va biror-bir dinga ustunlik bermaydi. Bu fikr konsepsiyaning 2-bob yettinchi bo‘limida quyidagicha bayon etilgan: “Bugungi kunda O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik amalda ta’minlangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror rivojlanib kelmoqda”.

O‘zbekistonda fuqarolarning diniy e’tiqodlarini amalga oshirishlari uchun teng sharoit yaratilgan. Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyat yuritishi uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Hukumat qarorlari dinga munosabatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning manfaatlarini hisobga olgan holda butun jamiyat uchun qabul qilinadi. 
Mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2300 dan ortiq diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, davlat tomonidan tarixiy, diniy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan binolarni obodonlashtirish ishlari faol ravishda olib borilgan. Yuzlab masjidlar va cherkovlar qurilib, mavjudlari ta’mirlangan. Ko‘plab madaniy meros obyektlari, jumladan masjid va cherkov binolari diniy tashkilotlarga foydalanish uchun berilgan. Fuqarolar ushbu joylarda diniy marosimlarni erkin ado etib kelmoqda. Bu ma’lumotlarga konsepsiyada e’tibor berilgan.

O‘zbekistonda dunyoviylik va vijdon erkinligining o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash mamlakatning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ikki tushuncha bir-birini to‘ldirib, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Dunyoviylik davlat va dinning alohida faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Bu esa fuqarolarning diniy e’tiqodidan qat’i nazar, qonun oldida tengligini kafolatlaydi. Vijdon erkinligi esa har bir insonga o‘z diniy e’tiqodini tanlash, amal qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqini beradi.

Muxtasar aytganda, dunyoviylik va vijdon erkinligining o‘zaro uyg‘unligi jamiyatda turli diniy qarashlarga ega bo‘lgan guruhlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yaratadi. Bu esa mamlakatning barqaror rivojlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va xalqaro maydondagi obro‘sini oshirishga xizmat qiladi.

Roziya Matibayeva,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi,

“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri

Izoh qoldirish