28

Akademiya Kengashi: muhim masalalar muhokamasi va dolzarb vazifalar ijrosi yo‘lida

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.

Majlisni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Muntazam o‘tkaziladigan mazkur Kengash yig‘ilishida ortda qolgan davr mobaynida bajarilgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar, muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinadi.

Akademiya rektori Muzaffar Komilov yig‘ilishni ochib berar ekan, yaqinlashib kelayotgan Muborak Ramazon oyi bilan barcha xodimlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarni muborakbod etdi.

Kengash majlisi avvalida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Sadibaqosev Habibullo Shodiboy o‘g‘liga Siyosiy fanlar doktori Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasi diplomi topshirildi. 

Shuningdek, 2024/2025-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib ko‘rilgan to‘rt nafar Akademiya talabasiga stipendiya guvohnomasi topshirildi.

Xususan, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi Muslima Rahmonova;

Islomshunoslik fakulteti “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ma’mura Omonova;

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi)” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Husniyabonu Hazratqulovaga 2024/2025-oʻquv yili uchun Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi guvohnomasi, Islomshunoslik fakulteti “Islomshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Muslima Abdumalikovaga esa 2024/2025-oʻquv yili uchun Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi guvohnomasi topshirildi.

Akademiya rektori taqdirlanganlarni mazkur yutuqlari bilan muborakbod etarkan, ularning kelgusidagi o‘qish va ishlariga muvaffaqiyat, tansihatlik tiladi.

Shundan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, avvalo, inson qadri, uning sha’ni uchun ekanini qayd etdi.

Shuningdek, kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

Xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lib kelgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish zarurligini qayd etdi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13-fevral kuni “Olimpiya va Paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari” hamda 14-fevral kuni esa bir guruh faol yoshlar bilan videoselektor tarzidagi uchrashuvi o‘tkazilgan edi.

Mazkur uchrashuvda belgilangan vazifalarning Akademiyadagi ijrosi haqida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotovning hisoboti eshitildi.

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri v.b. Odiljon Ernazarov Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining sayyor yig‘ilishi haqida ma’lumot berdi.

Majlis davomida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarovning professor-o‘qituvchilar faoliyati samaradorligini baholashning 110 ballik ko‘rsatkichlari (2024/2025 o‘quv yili, I yarim yillik natijalari) xususidagi axboroti tinglandi.

Yig‘ilishda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov tomonidan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarni moddiy rag‘batlantirish komissiyasining 1-sonli yigʻilishi bayonnomasining ijrosi, Akademiya tadqiqotchilarining dissertatsiya mavzulari hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalar xususida ma’lumot berildi.

Akademiya professor-o‘qiyuvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari xususida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev hisobot berdi. 

Shuningdek, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bakalavriat va magistratura talabalarining bilimini nazorat qilish va baholash tartibiga qo'shimcha va oʻzgartirish kiritish to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish