1

Xalq yozuvchisi Isajon Sulton hayoti va ijodiga chizgilar

Joriy yilda atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavalludiga 584 yil to‘ldi. 

Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham fevral oyi – “Navoiyxonlik oyligi” deb e’lon qilingan bo‘lib, oylik doirasida “Adabiy gurunglar” mavzusida navoiyshunos olimlar, atoqli yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Bugun ham Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton bilan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Akademiya Matbuot kotibi Erkin Doripov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishi ta’kidlandi. 

Shuningdek, yozuvchi Isajon Sultonning ijodiy faoliyati haqida ma’lumot berildi. Isajon Sulton “Boqiy darbadar”, “Ma’suma”, “Ozod”, “Genetik”, “Bilga Xoqon” romanlari, “Munojot”, “Onaizorim”, “Robiya Balhiy” kabi qissalar va turli mavzudagi hikoyalar muallifi sanaladi.

Ayniqsa, yozuvchi ijodida “Alisher Navoiy” romani alohida o‘rin tutadi. Muallif Alisher Navoiy obrazi orqali odamiylik, doʻstga sadoqat, vaʼdaga vafo, ezgulik, yaxshilik kabi qator goʻzal fazilatlarni kitobxonga yetkazishga urinadi.

Shuningdek, adib Javoharlal Neruning “Hindiston” kitobining “Bobur” qismini, Dino Butsati, Ruyunosuke Akutagava, Umar Sayfiddin kabilarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 

2010-yilda Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asari O‘zbekistonda yilning eng yaxshi romani deb e‘tirof etilgan. Shuningdek adibning "Qismat" hikoyasi AQShning Chikago shahrida chop etiladigan “Leksikon” adabiy jurnali tanlovida g‘olib chiqqan.

Tadbirda yozuvchi Isajon Sulton keyingi yillarda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga davlatimiz rahbari tomonidan katta e’tibor berilayotgani, kitob mutolaasi kishini ma’naviy kamolot sari yetaklashi, insonni har tomonlama yetuk, komil shaxs sifatida shakllanishidagi o’rni nihoyatda beqiyos ekanini ta’kidladi. Kitob – insonning qalbini ochadigan buyuk mo‘jiza ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish