
Yoshlar – yurtimiz kelajagi, ertamiz umidi
Mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Yoshlarning barkamol inson boʻlib ulgʻayishi uchun maʼnaviy tarbiyaga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilinayotgan turli qaror va farmonlar, amalga oshirilayotgan tadbirlar, amaliy ishlar natijasida farzandlarimiz barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishishmoqda.
Xususan, kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida ham farzandlarimizning ma’naviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot g‘oyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi yana bir bor ta’kidlandi.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari uchun “Rahbar va yoshlar” muloqoti o‘tkazildi. Ma’lumki, Akademiyada bu kabi uchrashuvlarni o‘tkazish muntazamlik kasb etgan. Bugun bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekani Habibullo Sadibaqosev, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Muloqotni Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimiz davlati siyosatining eng asosiy omillaridan biri – yoshlar ekani, barcha sohalar qatori yoshlarga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etdi.
Samimiy muloqot davomida Akademiya rektori talabalarning muomala madaniyati, xulqi-odobi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi zarurligini, buning uchun esa talabalar shaxsiy namuna ko‘rsatishi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart ekanini qayd etdi.
Bu borada mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, muloqot davomida jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar har bir insonni ogohlikka, befarq bo‘lmaslikka chorlayotgani, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish dolzarb masala ekani qayd etildi.
Ayni paytda dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik gʻoyalarning tarqalishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Bu borada yoshlarga to‘g‘ri tushuncha berish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerakligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, dual ta’lim shaklini yanada kuchaytirish, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Fakultetda kreativ iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun “Yosh kreativ iqtisodchilar”, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, dasturlash kabi sohalar uchun “Yosh dasturchilar”, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasida “Yosh huquqshunoslar” guruhini tuzish, “Talabalar kengashi” faoliyatini yanada rivojlantirish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.
Talabalar orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazish, ulardan muassasa rivoji uchun takliflar olish kerakligi aytildi.
Yoshlar o‘rtasida ommaviy sport tadbirlarini yanada rivojlantirish maqsadida takliflar berilishi ta’kidlandi. “Rektor kubogi”, “Dekan kubogi” kabi sport tadbirlarini tashkil etish uchun “Yo‘l xaritasi”ni tuzish kerakligi qayd etildi.
Akademiyada 3 tadan kam bo‘lmagan sport seksiyalarini ochish, bu kabi seksiyalarda 50 foiz talabalarni sport bilan qamrab olinishi zarurligi belgilandi.
Talabalar ishtirokida Akademiyaning 3D formatini yaratish, tarixiy qadamjolar, muqaddas ziyoratgohlarning 3D formatini yaratish, ziyorat turizmi bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish kerakligi ta’kidlandi.
“Ustoz-shogird” an’anasini tiklash, yoshlar uchun huquqiy ko‘mak vazifasini o‘taydigan “Inson huquqlari xonasi”ni tashkil etish kerakligi aytildi.
Muloqot davomida talabalar tomonidan o‘qitish tizimi, sport to‘garaklari tashkil etish kerakligi qayd etildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflari bilan murojaat qildi. Muloqot yakunida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish